O‘zbekiston

Suv xo‘jaligi vaziriga suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi

Savollar suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘orish tizimlari sifati va kanallarni betonlash uchun mablag‘larni o‘zlashtirish bilan bog‘liq.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar suv xo‘jaligi vaziriga parlament so‘rovi yubordi. Murojaat mavzusi — suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, magistral va ichki kanallarni betonlash ishlarining borishi.

Aholi sonining o‘sishi va iqtisodiyotning kengayishi mamlakat suv resurslariga bo‘lgan bosimni kuchaytirmoqda. Hududlarda deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari va nazorat tadbirlari davomida aniqlangan bir qator hal etilmagan muammolar hamon saqlanib qolmoqda.

Xususan:

  • joriy etilayotgan suvni tejaydigan texnologiyalarning yuqori narxi ularni suvdan foydalanuvchilar uchun kam foydalanish imkonini beradi;
  • mahalliylashtirishda ayrim texnologiyalarning sifati talabga javob bermaydi;
  • tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, shuningdek egiluvchan quvurlar asosidagi tizimlar ko‘pincha qisqa vaqt ishlagandan so‘ng ishdan chiqadi;
  • kanallarni betonlash uchun mablag‘larni o‘z vaqtida o‘zlashtirish va sug‘orish tarmoqlariga beton qoplama yotqizish bo‘yicha fermerlarni rag‘batlantirish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Shu munosabat bilan parlament so‘rovi vazir tomonidan suvdan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalar tannarxini kamaytirish, subsidiyalardan foydalanish, magistral va ichki kanallarni betonlash sur’atlari bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berilishini nazarda tutadi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan suv resurslarini boshqarish dasturini tasdiqlagani haqida xabar berilgandi. Hukumat 11 ta tarmoq dasturini yagona platformaga birlashtirishni, “O‘zbekkosmos” imkoniyatlaridan keng foydalangan holda IT-markaz va situatsion markaz tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная