O‘zbekiston

Surxondaryoda rossiyalik ovchi morxo‘r ovlash uchun 100 ming dollar berdi

Ekologiya vazirligi ovning qonuniyligini aniqladi.

Фото: Ситуативное

Ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik ovchi Surxondaryo viloyatida Qizil kitobga kiritilgan burama shoxli echkilarni otib o‘ldirgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Ekologiya vazirligi holatga izoh berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda viloyatda ov qilish belgilangan qonunchilikka muvofiq, rasmiy ruxsatnoma asosida va tegishli to‘lov amalga oshirilgan. “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi hayvonlar soni Fanlar akademiyasi mutaxassislari tomonidan muntazam ravishda kuzatib boriladi.

Ularning ekspert xulosasi asosida populyatsiyaga zarar yetkazmaydigan, cheklangan miqdordagi individlarni tutishga ruxsatnoma berilishi mumkin. Buning uchun belgilangan tartibda tegishli to‘lov undiriladi. Xususan, 2024-yilda marxur ovlashga ruxsatnoma belgilangan tartibda berilib, buning uchun 100 ming AQSH dollari miqdorida to‘lov amalga oshirilgan.

Ushbu mablag‘lar tabiatni muhofaza qilishga, shu jumladan, brakonerlikka qarshi samarali kurashishga yo‘naltirilmoqda. Yuqoridagi qonunga muvofiq har yili yovvoyi hayvonlarni tutish uchun kvotalar belgilanadi. Ruxsatnoma faqat reproduktiv yoshdan o‘tgan eng keksa erkak hayvonlarni otishga beriladi. Barcha muolajalar qat’iy nazorat ostida o‘tkaziladi.

Bunday amaliyot bir qator xorijiy mamlakatlarda ham amal qilmoqda. Masalan, Namibiyada litsenziya asosida ov qilish har yili 3 million dollardan ortiq daromad keltiradi. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, har yili Tojikistonda 10-16 bosh marhur va 100-115 bosh arxar, Mo‘g‘ulistonda 90-100 bosh arxar va 50-60 boshgacha Buxoro bug‘usini ovlashga ruxsat beriladi.

Avvalroq Surxondaryoda uch nafar brakoner noyob tog‘ echkisini o‘ldirgani haqida xabar berilgandi. Ovdan ko‘rilgan ekologik zarar 4,5 milliard so‘mni tashkil etgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная