Surxondaryoda erta nikohni targ‘ib qilgan bloger jarimaga tortildi
Bolalar ombudsmani Surxondaryo viloyatida erta nikohni targ‘ib qilgan bloger jarimaga tortilganini maʼlum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Surxondaryoda 2008-yilda tug‘ilgan qizning 2 nafar farzandi bor” sarlavhasi ostida video tarqaldi. Bolalar ombudsmani holatni o‘rgandi.
Aniqlanishicha, 2024-yilning 21-noyabr kuni blogerlik bilan shug‘ullanuvchi A.Sh. (erkak), J.N. (2003-yilda tug‘ilgan erkak) va S.R. (2005-yilda tug‘ilgan qiz) o‘zaro kelishgan holda S.R. va J.N. go‘yoki o‘zlarini 15 va 17 yoshdagi voyaga yetmagan ota-ona deb ko‘rsatib videorolikda ishtirok etishgan, A.Sh. esa video davomida erta nikoh holatini ijobiy sharhlab, haqiqatga zid vaziyat aks etgan mazkur videoni o‘z Instagram sahifasiga joylagan.
Bolalar ombudsmani so‘roviga ko‘ra, erta nikohni targ‘ib qilish mazmunidagi holat bo‘yicha bloger A.Sh.ning xatti-harakatlariga baho berish maqsadida ish hujjatlari tuman IIB tomonidan 25-noyabr kuni JIB Termiz shahar sudiga yuborilgan.
Sud tomonidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqilib, A.Sh. ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202−2 moddasi 1-qismi (Yolg‘on axborot tarqatish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga nisbatan BHMning 4 barobari miqdorida (1,5 mln so‘m) jarima jazosi tayinlandi.
J.N. va A.Sh. lar esa bunday nomaqbul harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirildi.
Ma’lumot uchun O‘zbekistonda 2019-yildan boshlab, erkaklar va ayollar uchun yagona nikoh yoshi 18 yosh etib belgilangan.
Bu borada Bolalar ombudsmani pozitsiyasi — nikoh yoshida bo‘lmagan, ya’ni voyaga yetmagan shaxs bilan nikohni targ‘ib qilishga qaratilgan har qanday harakatlarni taqiqlovchi maxsus qonun normalari joriy etilishi zarur! Bola manfaatlariga zid bunday holatlarga jamiyatimizda mutlaqo o‘rin yo‘q, ularga batamom barham berish kerak, deyiladi bolalar ombudsmani xabarida.