4 Yanvar 2025, 17:44 Oʻzbekiston

Surxondaryoda bank xodimi xususiy korxona hisobidagi 60 mln so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi

Surxondaryo viloyatida xususiy korxona hisobidagi 60 mln so‘mni o‘zlashtirgan “Xalq banki” xodimiga sud hukmi o‘qildi

Surxondaryoda bank xodimi xususiy korxona hisobidagi 60 mln so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi

Xususiy korxona hisob raqamidagi 60 million so‘m pulni shaxsiy ehtiyojlari uchun o‘zlashtirgan “Xalq banki”ning Surxondaryo viloyati filiali Uzun bank xizmatlari markazi bosh mutaxassisiga sud hukmi o‘qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Xalq banki” Surxondaryo viloyati filiali Uzun standart bank xizmatlari markazi Chakana biznes bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan Rasul Xolmirzayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bir vaqtning o‘zida Buxgalteriya hisobi va hisoboti hamda operatsiyalar bo‘limi mutaxassisi vazifasini ham bajarib jinoyat sodir etgan.

U 2024-yilning 13-may kuni dastlab bank mijozi bo‘lgan “SHA fayz baraka” xususiy korxonasining hisob raqamidagi pullarni o‘zlashtirish maqsadida korxona rahbarining telefoniga ulangan bank operatsiyalari haqidagi SMS xabarlar kirishini cheklagan. Shundan so‘ng farroshdan uning opasiga tegishli plastikni olib, maxsus dastur orqali hujjatlarni soxtalashtirgan holda plastik kartaga 60 million so‘m pulni o‘tkazgan. Qo‘lga kiritilgan mablag‘ning 19 million so‘mini naqdlashtirib, qolgan qismini “Alif” mobil ilovasidan boshqa shaxslarga o‘tkazish orqali talon-taroj qilgan.

Oradan yigirma kun o‘tar-o‘tmas, 31-may kuni korxona hisobchisi bankka kelganida hisob raqamidan notanish plastik raqamiga ortiqcha mablag‘lar o‘tkazilganini bilib qolgan va uch kun ichida pullarni joyiga qaytarishni so‘ragan. Biroq Rasul Xolmirzayev belgilangan vaqtda pulni joyiga qo‘ymagach korxona mas’ullari bankning mintaqaviy markaz boshlig‘iga shikoyat qilgan.

Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqqach, Rasul 4-iyun kuni o‘zlashtirilgan barcha pullarni “noto‘g‘ri o‘tkazilgan mablag‘ qaytarilmoqda” degan asos bilan qaytarishga majbur bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tumani sudi mazkur ishni ko‘rib chiqib, muqaddam sudlangan Rasul Xolmirzayevni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan aybli deb topgan va unga nisbatan ish haqining 20 foizi miqdorida davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlagan. Shuningdek, u 1 yil-u 6 oy muddatga davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Mashhur yangiliklar