SpaceX O‘zbekistonga milliy kosmik dasturni ishlab chiqishda yordam beradi
AQShning SpaceX kompaniyasi O‘zbekistonga milliy kosmik dasturni ishlab chiqishda yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
Italiyaning Milan shahrida 75-Xalqaro astronavtika kongressi oʻtkazildi, unda 120 ta davlatdan kosmik agentliklar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy taʻlim markazlari rahbarlari, jahon kosmik hamjamiyati vakillaridan iborat 11 mingdan ortiq ishtirokchilar qatnashdi, deb xabar beradi “Oʻzbekkosmos” agentligi.
Qayd etilishicha, kongressda Oʻzbekiston delegatsiyasi aʻzolari Xalqaro astronavtika federatsiyasi liderlari sammitida maxsus bayonot bilan ishtirok etgan.
Shuningdek, forum doirasida agentlik vakillari Xalqaro astronavtika federatsiyasi, Intersputnik xalqaro tashkiloti va shu kabi qator yirik xorijiy agentliklar rahbarlari bilan 30 dan ziyod manfaatli uchrashuvlarni oʻtkazgan. Robotlashtirilgan kosmik apparatlar va boshqa texnologiyalar yordamida Oyni tadqiq qilishga ixtisoslashgan Ispace (Yaponiya) kompaniyasi bilan oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan.
AQShning SpaceX va Buyuk Britaniyaning Surrey Satellite Technology kompaniyalari Oʻzbekistonning milliy kosmik dasturni ishlab chiqishda ekspert maslahatlarini berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Yaponiyaning Kyushu texnologik instituti – aerokosmik muhandislik yoʻnalishida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha dastlabki oʻquv dasturiga kelishilgan.