15 Avgust 2024, 18:25 Oʻzbekiston

Sobiq uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri 7 yilga qamaldi

2017-yildan 2021-yilgacha uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan Muzaffar Saliyev 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Sobiq uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri 7 yilga qamaldi

2017-yildan 2021-yilgacha uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, 2021-yildan 2023-yilgacha Nurafshon shahar hokimi lavozimida ishlagan Saliyev Muzaffar Xaldarbayevich 7 yilga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Sud hukmida keltirilishicha, u Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) “a” va “v” bandlari, 209-modda (mansab soxtakorligi) 2-qismining “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Muzaffar Saliyev 3 yil mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilingan va uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilangan.

Muzaffar Saliyev va uning sheriklari davlat byudjetidan juda ko‘p miqdordagi pullarni talon-toroj qilgani xabar berilmoqda.

Bir necha sud hukmi bilan aybdorlardan 63 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni davlat foydasiga solidar tartibda undirish belgilangan.

Sobiq vazir nomiga rasmiylashtirilgan Lada Pickup, Treker avtomobillari, ikkita xonadon, bitta hovli, 14,6 ming dollarlik mablag‘i yetkazilgan zararni qoplashga qaratiladi.

Mashhur yangiliklar