Singan derazalar, eskirgan devorlar va 60-yillardagi romlar: senatorlar hokimga boshqaruv kompaniyasining “ishlashi” bo‘yicha so‘rov yubordi
Va’dalarga qaramay, aholining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya vaziyatni o‘nglash uchun hech qanday chora ko‘rmayapti.

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari tomonidan boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati o‘rganilganda, bir qator kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotganini tushuntirib berish yuzasidan senator so‘rovi kiritildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, senatorlar Toshkent shahri Chilonzor tumanining 18 va 19-mavzelarida joylashgan ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi “GRAND GREAT SILK ROAD SERVICE” kompaniyasi faoliyatini tahlil qilgan. Xususan, tashrif davomida “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasiga zid ravishda kompaniya shu paytgacha barcha mulkdorlar bilan boshqaruv shartnomasini imzolamagani aniqlandi.
Bundan tashqari, Senat vakillari kompaniya o‘z moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha mulkdorlarga hisobot bermagani va tegishli yig‘ilishlar o‘tkazmagani, bu ham aholining kompaniyaga nisbatan noroziligiga sabab bo‘lganini aniqladi. Kompaniya faoliyatida aniqlangan kamchiliklar qatorida liftlarning avariya holati, 1960-yillarda o‘rnatilgan eskirgan yog‘och romlar, singan oynalar va bo‘yalmagan devorlar, kanalizatsiya tizimi va elektr tarmoqlarining nosozligi ham qayd etilgan.
Shuningdek, aholi elektr ta’minoti uzilgan taqdirda, ta’mirlash uchun o‘zlari mutaxassis yollashga majbur bo‘lishlarini aytishdi. Bundan tashqari, uy atrofida bolalar maydonchasi, sport inshootlari va o‘rindiqlar yo‘qligi ta’kidlandi. Berilgan va’dalarga qaramay, hech qanday amaliy chora ko‘rilmagan, deydi aholi vakillari.
Shu munosabat bilan Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayevga boshqaruv kompaniyasi faoliyatini samarali tashkil etish uchun qanday choralar ko‘rilayotgani yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘rab, senator so‘rovi yubordi.
Avvalroq boshqaruv kompaniyalari ko‘p qavatli uylarda yashovchilarning pullarini ommaviy ravishda o‘g‘irlayotgani haqida xabar berilgandi. Talon-toroj qilingan to‘lovlarning umumiy miqdori 26 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Izohlar