O‘zbekiston

Shvetsiya o‘zbekistonlik ishchilarga qiziqish bildirdi

Kelishuvni imzolash uchun shaxsan migratsiya vaziri uchib keldi.

O‘zbekiston va Shvetsiya mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi, deb xabar bermoqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, agentlik rahbari Behzod Musayev va Shvetsiya migratsiya vaziri Yoxan Forssell ushbu sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, noqonuniy migratsiyaning oldini olish, inson huquqlarini himoya qiluvchi qulay, shaffof va tartibli migratsiya mexanizmlarini yaratish masalalarini muhokama qilgan.

Xususan, Shvetsiya vakilining aytishicha, hozirda mamlakatda transport, qurilish, sanoat, tibbiyot, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda. O‘zbekiston tomoni, o‘z navbatida, ushbu mamlakat mehnat bozori uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash va import qilish uchun yetarli salohiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Muhokama chog‘ida tomonlar mamlakatlar o‘rtasida markazlashgan raqamli platformani yaratish, shuningdek, qurilish, logistika va tibbiy xizmatlar sohasidagi ish beruvchilarning ehtiyojlari asosida O‘zbekistondan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ularni Shvetsiyada ish bilan ta’minlashga qaratilgan pilot loyihalarni ishga tushirish tashabbuslarini ilgari surdi.

Shuningdek, ikki davlat vakillari noqonuniy migratsiyani jilovlash, axborot almashish va konsullik yordami mexanizmlarini mustahkamlashga yordam beradigan migratsiya va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

“Ishonchim komilki, bugun imzolangan tarixiy hujjat O‘zbekiston – Shvetsiya munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish va kelgusidagi faol hamkorligimiz yo‘lidagi muhim qadamdir. Mamlakatingizga birinchi marta kelishim bo‘lsa-da, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot va barcha sohalardagi ijobiy imkoniyatlar menda katta taassurot qoldirdi”, — dedi Shvetsiya migratsiya vaziri Yoxan Forsell.

Avvalroq O‘zbekiston va Italiya migratsiya va muhim xomashyo sohasida hamkorlik qilishi haqida xabar berilgandi. Prezident va mamlakatlar bosh vazirlari huzurida kelishuvlar to‘plami imzolandi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная