Sherzod Qudratxo‘ja Moskvadagi migrantlarga qarshi kuch ishlatish reydlarini natsizm deb atadi
Jurnalistika universiteti rektori o‘zbekistonliklarni oiladagi bolalar sonini nazorat qilish, shuningdek, ularning ta’limi bilan shug‘ullanishga chaqirdi.

Jurnalistika universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘ja Moskvada xavfsizlik kuchlarining migrantlarni tekshirish bo‘yicha reydlarini “oddiy natsizm” deb atab, o‘zbekistonlik yoshlarni Rossiyaga ishlash uchun ketmaslikka chaqirdi. U, shuningdek, vatandoshlarni oilada tug‘ilishni rejalashtirish va bolalar ta’limi bilan shug‘ullanishga chaqirdi, shunda ular o‘z vatanida ishlaydi va chet elda tazyiqqa uchramaydi.
Sherzod Qudratxo‘ja tug‘ilish darajasining yuqoriligi, rivojlanayotgan iqtisodiyot va ishchi kuchining haddan tashqari ko‘pligi sababli O‘zbekistonda fuqarolarni ish bilan ta’minlash qiyinligini ta’kidlab, yoshlarni Rossiyaga ishlash uchun bormaslikka chaqirdi.
“U yerda sizni urishadi, tepishadi, xo‘rlashadi, insoniy qadr-qimmatingizni haqorat qilishadi. Rossiyada sizni qadrlashmaydi, aksincha, kamsitishadi. Vaholanki, ularning o‘z aholisi bajarmaydigan eng og‘ir ishni sizlar bajarasizlar! Va buning uchun, afsuski, mana shunday “mukofot” olasiz!” — dedi u.
Shuningdek, u Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolariga murojaat qildi.
“Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlari bunday shafqatsiz muomalaga yo‘l qo‘yayotgani yangilik emas va bu, afsuski, hali uzoq davom etadi”, — Sherzod Qudratxo‘ja.
Rektor O‘zbekiston hukumati mehnat bozorini diversifikatsiya qilish uchun ko‘p ishlar qilayotganini ta’kidlab, vatandoshlarni o‘qishga, tillarni o‘rganishga va yaxshi kasblarni egallashga chaqirdi.
“Sizni Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlar kutmoqda, ularda ish haqi ancha yuqori va insoniy munosabat mavjud”, — Sherzod Qudratxo‘ja.
Sherzod Qudratxo‘ja, shuningdek, o‘zbekistonliklarni oilada tug‘ilishni rejalashtirishni boshlashga, bolalarga, ularning ta’limiga birinchi darajali e’tibor berishga chaqirdi.
“Miqdor emas, balki sifat hamma narsadan muhim. Boshqa tomondan, mamlakatimizning ko‘plab hududlarida ish haqi deyarli bir xil bo‘lsa-da, yoshlarimiz negadir chet elga ketayotgani uchun tadbirkorlar Hindiston, Bangladesh kabi joylardan ishchi kuchini jalb qilishga majbur bo‘layotganini kuzatish g‘alati.
Ular g‘ayriinsoniy xo‘rlashlar va kaltaklashlarga duchor bo‘lgan joylarga boradilar. Bizning tabarruk yurtimizda mehnatkash odamga hamisha ish topiladi, o‘z yurtida hech kim, hech qachon bunday zo‘ravonlikka duchor bo‘lmaydi”, — dedi u.
Shuningdek, u Rossiya rasmiylarini O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan bunday munosabatda bo‘lmaslikka chaqirib, o‘zbeklar tarixda ko‘plab xalqlarga himoya, g‘amxo‘rlik va mehr ko‘rsatganini eslatdi.
“Bugungi Rossiya xavfsizlik kuchlarining xatti-harakatlari oddiy natsizm va shovinizm emasmi?” — deya xulosa qildi Qudratxo‘ja.
“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov ham keskin reydlar bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirgandi. Deputat Sherzod Qudratxo‘janing fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, bolalarni bog‘chadan boshlab o‘z-o‘zini hurmat qilishga o‘rgatish kerakligini aytgan.
“Yagona yo‘l – bog‘chadan boshlab bolalarni o‘z-o‘zini baholashga o‘rgatish, ta’limning so‘nggi uch yilini oldingi sakkiz yilni tahlil qilishga bag‘ishlash va bolalarni ilm-fan, kasb-hunar bilan shug‘ullanish uchun qobiliyatiga qarab saralash, xalqaro standartlar darajasida olimpiadalarga tayyorlash. Najot faqat ta’lim va tarbiyada”, — deya xulosa qilgandi Qodirov.
8-iyun kuni Moskvaning Sokolniki tumanida huquq-tartibot idoralari tomonidan migrantlar maqomini tekshirish bo‘yicha reyd o‘tkazildi, huquq-tartibot idoralari xodimlari xorijliklarga nisbatan qo‘pol va zo‘ravonlik ishlatgan. O‘zbekiston Migratsiya agentligi ushbu holatdan “afsusda va xavotirda” ekanini ma’lum qildi.
Rossiya hukumati va yirik ish beruvchilar tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaga uyushgan holda ishga jalb qilishga yildan-yilga ortib borayotgan qiziqish fonida ayrim huquq-tartibot idoralari vakillari tomonidan chet el fuqarolariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish holatlari afsus va xavotir uyg‘otmoqda.
Xavfsizlik kuchlarining xatti-harakatlaridan jabr ko‘rishi mumkin bo‘lgan fuqarolardan zudlik bilan huquqiy va konsullik yordamiga murojaat qilish so‘ralgan.
Xususan, bu tan jarohati yetkazish, huquqlarni buzish yoki boshqa huquqiy muammolarga tegishli. Murojaat uchun telefonlar: +7 925 045-47-44, Telegram: @pomoshrussiamigrant, @huquqiy_yordam_uzbot.
Izohlar