O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi tantanali harbiy paradda ishtirok etdi

Tadbirda yigirmadan ortiq davlat rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev 3-sentyabr kuni Tyananmen maydonida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali harbiy paradda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Tadbirda yigirmadan ortiq davlat rahbarlari va vakillari, jumladan, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron, Vetnam, Misr va boshqa davlatlar yetakchilari ishtirok etdi.

“XXR Raisi Si Szinpin o‘z nutqida bugungi sharoitda tarixiy xotirani asrab-avaylash, tinchlikni saqlash va adolatni ta’minlash muhimligini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.

Paradda Xitoy xalq ozodlik armiyasining 45 ta bo‘linmasi ishtirok etdi. Xitoy mudofaa sanoati tomonidan ishlab chiqarilgan raketa tizimlari, tanklar, aviatsiya texnikasi va uchuvchisiz uchish apparatlarining eng so‘nggi namunalari namoyish etildi. Bunday paradlar 1949-yildan buyon Pekinda o‘tkazib kelinadi, qurolli kuchlarning so‘nggi katta ko‘rigi esa 2019-yil 1-oktabrda bo‘lib o‘tgan va unda 15 mingga yaqin ishtirokchi qatnashgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pekin shahridagi tantanali tadbirlarda ishtiroki mamlakatimizning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, tinchlik, barqaror taraqqiyot va farovonlik yo‘lida mintaqaviy va global darajada konstruktiv muloqotni rivojlantirishga qaratilgan izchil tashqi siyosatining navbatdagi tasdig‘i bo‘ldi.

Mavzuga doir: Mirziyoyev Xitoyda Putin bilan suhbatlashdi — asosiylar Prezidentlar xalqaro ahamiyatga molik masalalarni ham muhokama qildi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная