1 Aprel 2025, 14:48 Oʻzbekiston

Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi — asosiylar

Tomonlar kambagʻallikni qisqartirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratdi.

Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi — asosiylar

Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Szyanchao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Xitoy Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi barqaror oshib bormoqda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yetakchi kompaniyalar ishtirokidagi qoʻshma loyiha va korxonalar soni koʻpaymoqda.

“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish loyihasi boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv yuqori baholandi. Joriy yilda navbatdagi Hududlar forumi va Taʼlim forumi boʻlib oʻtadi.

Parlamentlararo va partiyalararo hamkorlikni, ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, raqamlashtirish va sanoatlashtirishni jadallashtirish kabi sohalarda yanada kengaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Oliy va professional ta’lim sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, mamlakatimizda Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish muhimligi qayd etildi.

Mashhur yangiliklar