O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev Ukrainadagi vaziyatni hal etish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatladi

O‘zbekiston prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning bu jarayonga qo‘shgan hissasini alohida qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev Ukrainadagi vaziyatni hal etish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Budapesht shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti ishida ishtirok etdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Dunyodagi vaziyat

Davlat rahbari sammitni o‘tkazish jarayonida jahondagi tez o‘zgaruvchan vaziyat va oldindan aytish qiyin bo‘lgan jarayonlar kuzatilayotganini qayd etdi.

“Geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlarining kuchayishi barchamiz uchun katta sinov bo‘lmoqda. Shu sababli dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimizning umumiy yondashuv va pozitsiyalarini kuchaytirish har qachongidan ham muhimdir.

Ta’kidlash lozimki, biz eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi asosida yechim topish zarur, deb hisoblaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va muzokaralar yo‘li bilan hal etish borasidagi amaliy sa’y-harakatlarni yana bir bor qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shavkat Mirziyoyev bunda Rejep Tayyip Erdog‘anning munosib hissasi borligini alohida ta’kidladi.

“G‘azoda sulh bitimining buzilishi va harbiy harakatlarning qaytadan boshlanishi barchamizni chuqur tashvishga solmoqda. Toki “Ikki xalq uchun — ikki davlat” tamoyili ro‘yobga chiqmas ekan, Falastin-Isroil nizosining adolatli yechimini topish mumkin emas.

Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida so‘z yuritar ekanmiz, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni inobatga olishimiz va unga birgalikda yechim topishimiz lozim. Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilinayotgani tuzilmamizning bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib kelayotganidan dalolat beradi”, — dedi prezident.

Biz qisqa vaqt mobaynida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida amaliy hamkorlik bo‘yicha samarali natijalarga erishmoqdamiz. Yaqinda iqtisodiy tahlil markazlarimizning Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanida aloqalarimizni kengaytirish uchun ulkan salohiyat borligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.

Strategik hamkorlik

2024-yilda Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani ishlab chiqish taklifi bildirildi. Oradan bir yil o‘tib, ushbu hujjatning ahamiyati va dolzarbligi yanada oshdi. Shavkat Mirziyoyev uni Boku sammitida imzolashni taklif qildi.

“Oldimizda aniq vazifa turibdi – yaqin yillarda o‘zaro savdo ulushini keskin ko‘paytirish lozim. Shu maqsadda “Turk-treyd” onlayn platformasini yaratish va Savdoni oshirish amaliy dasturini qabul qilish tashabbuslarini ilgari suramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmini oshirish va bojxona-chegara tartiblarini soddalashtirish uchun “yagona darcha” hamda “yashil koridorlar” tizimlarini tezroq yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida noyabr oyida Toshkentda Turkiy davlatlarning Xalqaro multimodal transport va logistika forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston prezidenti innovatsion loyihalarni rag‘batlantirish uchun Qo‘shma venchur kompaniyasini tashkil etish zarur, deb hisoblashini aytdi. Shu munosabat bilan mamlakatlarning investitsiya imkoniyatlari to‘liq aks ettiriladigan Yagona investitsiya portalini yaratish maqsadga muvofiqdir.

Kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish sohalarida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha Sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.

Yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan Xalqaro iqlim forumida “yashil” taraqqiyot sohasidagi mintaqaviy va global hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muhim takliflar bildirildi.

“Hurmatli Viktor Orban Janobi Oliylarining tashabbusi bilan Budapeshtda Tashkilotimizning Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti o‘z ishini boshlaganini ham mamnuniyat bilan e’tirof etamiz. Mazkur institut faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb etish uchun “Qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etaman”, — Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan, ular bilan faxrlanadigan buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish TDTning barcha mamlakatlari uchun sharafli va mas’uliyatli vazifa ekanini ta’kidladi.

2024-yilda O‘zbekiston Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiga rasmiy a’zo sifatida kirishga qaror qildi. Ushbu tuzilma doirasida umumturkiy madaniy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish muhim vazifa hisoblanadi. Muloqotni kengaytirish maqsadida Fond kengashining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.

“Davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirishda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY alohida o‘ringa ega. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni yangi bosqichga olib chiqish va TURKSOYning nufuzini yanada oshirish uchun uning faoliyati va tuzilmasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish zarur, deb hisoblayman. Shu maqsadda tashqi ishlar va madaniyat vazirlarimizga Boku sammitiga qadar tegishli takliflar ishlab chiqish vazifasini topshirsak, to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Viktor Orban bilan muzokara o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. Vengriya tomoni O‘zbekiston bilan bir yarim milliard dollarlik loyihalar tayyorlagan.

Izohlar

Mavzuga oid