4 Aprel 2025, 11:38 Oʻzbekiston

Shavkat Mirziyoyev Ukrainada yarashuv boʻyicha muzokaralar boshlanishini qoʻllab-quvvatladi

Prezident mamlakatlar juda murakkab masalalarni hal qilishlari kerakligini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev Ukrainada yarashuv boʻyicha muzokaralar boshlanishini qoʻllab-quvvatladi

4-aprel kuni Samarqandda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo—Yevropa Ittifoqi sammitida Shavkat Mirziyoyev Ukrainada tinchlikka erishish boʻyicha muzokaralar jarayonini boshlashni qoʻllab-quvvatladi, deb xabar bermoqda NOVA24 muxbiri.

Prezident o‘z nutqi avvalida yig‘ilish oldindan aytib bo‘lmaydigan global jarayonlar sharoitida o‘tayotganini ta’kidladi.

“Biz geosiyosiy keskinlik, xavfsizlik muammolari, yirik mintaqaviy mojarolar, barqaror rivojlanish yo‘lidagi ijtimoiy va iqtisodiy tahdidlar kuchayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Hech bir hudud bunday murakkab masalalarni keng xalqaro hamkorliksiz, mustaqil hal eta olmasligi aniq”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo Yevropa tomonining xalqaro huquq prinsiplari va normalariga sodiqligiga qo‘shilishini ta’kidladi.

“Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokaralar jarayoni boshlanganini olqishlaymiz va to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

U juda murakkab masalalarni hal qilish kerakligini tushunishini bildirdi.

“Lekin olib borilayotgan diplomatik sa’y-harakatlar va siyosiy qarorlardan boshqa muqobilini ko‘rmayapmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mashhur yangiliklar