Shavkat Mirziyoyev uch tomonlama sammitda ishtirok etish uchun Turkmanistonga jo‘nab ketdi
Tomonlar savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalarni rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalarini ko‘rib chiqadi.

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga ko‘ra uch tomonlama sammitda ishtirok etish maqsadida Turkmanistonga jo‘nab ketdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u 22-avgust kuni “Ozarbayjon – Turkmaniston – O‘zbekiston” formatidagi uch tomonlama sammitda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan mamlakatga boradi. Qayd etilishicha, tadbir kun tartibiga muvofiq “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tadi.
Tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalarda rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalarini ko‘rib chiqadi. Shuningdek, qator qo‘shma hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. Davlat rahbari sammit doirasida ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkazadi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlangani xabar qilingandi. Turkmaniston tomoni O‘zbekiston rahbarining BMT Konferensiyasi doirasidagi xizmatlarini qayd etdi.
Izohlar