Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinga taʼziya yoʻlladi
Oʻzbekiston prezidenti kuchli zilzila oqibatida koʻplab odamlar halok boʻlgani munosabati bilan XXR raisi Si Szinpinga taʼziya yoʻlladi.
Xitoy janubi-gʻarbidagi Shigasze shahri Dinji uyezdida kuchli zilzila oqibatida koʻplab odamlar hayotdan koʻz yumgani va jarohat olgani munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinga taʼziya yoʻlladi.
Davlatimiz rahbari halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlar tez orada shifo topishini tiladi.
Maʼlumot uchun, kuchli zilzila Tibetda kamida 53 kishining hayotiga zomin boʻlgan, koʻplab odamlar jarohatlangan va vayronalar ostida qamalib qolgan. Xitoy rasmiylarining maʼlum qilishicha, zilzila Nepal poytaxti Katmandu va Hindiston shimolida ham sezilgan.
Rasmiy Sinxua axborot agentligi tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha mintaqaviy shtabga tayanib, seshanba kuni sodir boʻlgan zilzila oqibatida 62 kishi jabrlangani haqida xabar berdi. Xitoyning gʻarbiy qismidagi mintaqa va qoʻshni Nepal davlatida oʻnlab yer silkinishlari sodir boʻlgan.
Vayronalar ostidan odamlarni qidirish uchun 1500 ga yaqin oʻt oʻchiruvchi va qutqaruvchi jalb qilingan. Xitoy zilzila tarmoqlari markazi maʼlumotlariga koʻra, 6,8 magnitudali zilzila kuzatilgan.
Nepalning Himoloy mintaqasidagi Everest togʻi yaqinidagi Lobuche atrofidagi hududlar ham zilzila oqibatida larzaga kelgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Navoiy viloyatida 3,6 magnitudali zilzila qayd etildi Shavkat Mirziyoyev mehnat ta’tiliga chiqdi Davlat byudjeti xarajatlarining 52 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi Mirziyoyev AQShdagi terror hodisasi munosabati bilan Baydenga ta’ziya maktubi yo‘lladi O‘zbekiston prezidenti Ozarbayjon rahbariga yana bir bor hamdardlik bildirdi