O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitida nutq so‘zladi

Prezident tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tayotgan SHHT sammitida nutq so‘zladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, global ishonch inqirozi, ziddiyatlarning kuchayishi va xalqaro institutlarning zaiflashishi sharoitida aynan SHHT davlatlarining bir-birini tushunishi va hamjihatligi Yevroosiyoda barqarorlikni saqlashning hal qiluvchi omiliga aylanmoqda.

Shuningdek, u SHHT teng huquqli muloqot, o‘zaro hurmat va sheriklik makoni bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Bunday format ishtirokchi mamlakatlarga manfaatlar muvozanatini topish va hatto eng murakkab vaziyatlarda ham birgalikda yechimlar ishlab chiqish imkonini beradi.

Uchrashuvda ilgari surilgan asosiy tashabbuslar:

  • Yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha SHHT deklaratsiyasini qabul qilish;
  • mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun “SHHT — Afg‘oniston” muloqot guruhi ishini qayta tiklash;
  • SHHTning muhim materiallar bo‘yicha mintaqaviy markazi va Energetika konsorsiumini tashkil etish;
  • “SHHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon, bir yo‘l” strategik tashabbusi bilan bog‘lash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish;
  • Iqlim o‘zgarishiga moslashish va raqamli ekologik yechimlar bo‘yicha mintaqaviy platformani ishga tushirish;
  • madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish: festivallar, “SHHT universiteti” onlayn-kampusi, tanlovlar va turizm loyihalari.

Davlat rahbari savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, yangi logistika yo‘laklarini yaratish va investitsiyalarni rag‘batlantirish masalalariga alohida to‘xtaldi.

Majlis yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. Xususan, Tyanszin deklaratsiyasi, SHHTni 2035 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi hamda hamkorlikning turli sohalarida sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim ko‘p tomonlama hujjatlar to‘plami qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, prezident O‘zbekiston Mustaqillik kunini Xitoyda kutib oladi. Shavkat Mirziyoyev SHHT sammiti va Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba paradida ishtirok etadi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная