O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi

O‘qituvchilarga ipoteka imtiyozlari, sayohat chegirmalari, qulay kreditlar va ustamalar taqdim etiladi.

Фото: Ситуативное

Shavkat Mirziyoyev 15-sentyabr kuni Toshkent viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘qituvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, 2026-yildan boshlab kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning 25 foizi qoplab beriladi. Davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglarning farzandlariga to‘lov-kontrakt summasidan 30 foiz chegirma beriladi. Shuningdek, ro‘yxatdan quyidagilar kelib chiqadi:

  • o‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi;
  • kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi;
  • fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi;
  • bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi;
  • dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi;
  • reytingda 100 talikka kirgan maktab va bog‘cha, 20 talikdagi texnikum, TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga 15-20 foiz chegirma beriladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident maktablarda YDI joriy etilishini e’lon qilgandi. Maktabda imtihon natijalariga ko‘ra, bitiruvchilar o‘z xohishiga binoan texnikumlarga yoki oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishi mumkin.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная