7 Aprel 2025, 12:03 Oʻzbekiston

Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoq Assambleyasida nutq soʻzladi — asosiylar

Prezident Parij bitimi boʻyicha majburiyatlarni toʻliq bajarishga va SI sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoq Assambleyasida nutq soʻzladi — asosiylar

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yalpi majlisida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Nutq matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

So‘z avvalida Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida ishtirok etish uchun dunyoning barcha qit’alaridan kelgan nufuzli delegatsiyalarni qutladi.

“O‘z safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoqning Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida bo‘lib o‘tmoqda. Anjumanning azim poytaxtimiz — Toshkent shahrida o‘tkazilayotgani bizga ulkan iftixor bag‘ishlaydi. Bunday yuksak ishonch va ehtiromni biz yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, parlamentarizm va vakillik hokimiyatini rivojlantirish borasida erishilayotgan katta natijalarning e’tirofi, deb qabul qilamiz”, — dedi prezident.

Davlat rahbari so‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan bo‘lsada, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmaganiga etibor qaratdi. Bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030-yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechirishi, 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi qayd etdi.

“O‘z-o‘zidan ravshanki, bu holat iqtisodiyot va jamiyatga katta zarar yetkazadi, ijtimoiy-iqtisodiy institutlar faoliyatini zaiflashtiradi, pirovard natijada odamlarning imkoniyatlarini cheklaydi. Albatta, bunday tengsizlikning asl sabablarini aniqlash va uning oqibatlariga qarshi kurashish barchamizning asosiy vazifamizdir”, — dedi prezident.

“Jahonda yuz berayotgan bugungi global o‘zgarishlar Parlamentlararo Ittifoq va milliy parlamentlarimiz oldiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda”, — dedi davlat rahbari. U oltita masalaga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Jahonning turli mintaqalaridagi nizolar

Prezident O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidladi.

“Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar jarayoni o‘zining ijobiy natijasini albatta beradi. Eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Falastin — Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi “ikki xalq uchun — ikki davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishdan iborat ekanini qayd etdi.

“Bizga qo‘shni bo‘lgan Afg‘oniston haqida to‘xtalib o‘tmaslik mumkin emas. Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisoblaymiz. Bu borada parlamentlarning ko‘magiga ishonamiz”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotini universal va muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida e’tirof etishini ma’lum qildi.

“Yevrosiyo guruhining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan bayonotini to‘la olqishlaymiz”, — dedi u.

Iqlim o‘zgarishi

Shavkat Mirziyoyev Parij bitimi doirasida va uglerod neytralligiga erishish borasida majburiyatlarni to‘liq bajarish har qachongidan ham muhim ekanini qayd etdi.

“Davlatlarning iqlim siyosati bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanadigan energiya manbalari va „yashil“ texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish parlamentlarning muhim vazifasiga aylansa, albatta, salmoqli yutuqlarga erishamiz. Iqlim o‘zgarishi mavzusi Assambleyaning kun tartibidagi bosh masalalardan biri sifatida doimiy o‘rin olishi kerak, deb hisoblaymiz”, — dedi u.

Xotin-qizlar huquqlari

“Tahlillarga ko‘ra, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ayollarning erkaklar bilan teng ishtiroki ta’minlansa, jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 26 foizga o‘sadi. Dunyo miqyosida ayol deputatlarning ulushi 1995-yildagi 11,3 foizdan joriy yilga kelib 27,2 foizga ko‘tarilgani albatta quvonarli holdir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jamiyat boshqaruvida ayollar faolligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ta’sirchan choralar yordamida, hech shubhasiz, yangi natijalarga erishilishi ta’kidlandi

“Bizning tashabbusimiz bilan ilgari surilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilaman”, — dedi davlat rahbari.

Yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish

Shavkat Mirziyoyev parlamentlar uchun yangi avlodni tarbiyalash, bu borada samarali xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kelajagimizning muhim omil ekanini qayd etdi.

“Milliy parlamentlar hamda Ittifoq faoliyatiga yoshlarni faol jalb etib, doimiy muloqotni kuchaytirish zarur, deb o‘ylayman. Bu borada Parlamentlararo Ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilaman”, — dedi davlat rahbari.

Ijtimoiy himoya

“Biz O‘zbekistonni ijtimoiy davlat, deb e’lon qilib, aholining har tomonlama himoyasini ta’minlashni siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi etib belgiladik. „Kambag‘allikdan farovonlik sari“ dasturini amalga oshiryapmiz. Oxirgi sakkiz yilda 7 milliondan ziyod aholi kambag‘allikdan chiqarilib, uning darajasi 35 foizdan 8,9 foizga tushirildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 6 foizga pasaytirishni maqsad qilganmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident 2025-yil sentabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishida davlatlar parlamentlari vakillarini faol ishtirok etish uchun taklif qildi.

Sun’iy intellekt

“Sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqilsa, ushbu innovatsion huquqiy asos dunyo miqyosida tez rivojlanayotgan ushbu sohani samarali tartibga solishda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘lar edi”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

“Dunyodagi hech bir davlat va jamiyat faqat ko‘plab qonun yoki qarorlar qabul qilish bilan rivojlana olmaydi. Barchamiz bu yo‘lda birlashib, qonun ijodkorligi ruhini kuchaytirib, bor bilim va tajribamizni yagona maqsad sari safarbar etish orqali umumiy maqsadimizga erisha olamiz”, — deya nutqini yakunladi davlat rahbari.

Mashhur yangiliklar