O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kirib kelayotgan 2026-yil munosabati bilan mamlakatning ko‘p millatli xalqiga Yangi yil tabrigi yo‘lladi.
Davlat rahbari o‘tgan yil xalqimiz hayotida ulkan o‘zgarish va yutuqlar yili bo‘lgani, ertangi kunga ishonchimiz yuksalganini ta’kidladi.
Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, biz o‘z oldimizga qo‘ygan barcha maqsad va marralarga erishdik. Yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 145 milliard dollardan oshib, O‘zbekiston o‘rta daromadli davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin egalladi.
Iqtisodiy oʻsish samarasi odamlarimiz hayotida, oilalar daromadida, mahallalar qiyofasida, yoshlarimizning kelajakka boʻlgan ishonchida yaqqol namoyon boʻlmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, o‘tayotgan yilda har bir oila, har bir xonadonda yorug‘, baxtli damlar ko‘p bo‘ldi.
Yangi uyga koʻchib kirgan, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan yoki kengaytirgan, daromadi oshgan, ilm-fan, sport, madaniyat va boshqa sohalarda oʻzi yoki farzandlarining yutuqlaridan quvongan millionlab oilalarning shodligi 2026-yildagi maqsadlarimizga erishish yoʻlida bizga albatta katta kuch beradi.
Kelgusi yilda respublikamizda har bir oilaning baxtli, farovon va sog‘lom hayot kechirishi, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kelajak kasblarini egallashi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun “yangi-yangi imkoniyatlar” safarbar etilmoqda.
Biz 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qildik. Yangi yilda minglab mahallalar infratuzilmasini yaxshilab, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kiramiz. Barcha iqtisodiyot tarmoqlarini texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazamiz. Xalqimizning daromadi va xarid qobiliyatini oshirish ishlarini yanada jadallashtiramiz.
Aholining yordamga muhtoj qatlamlari, muhtaram keksalarimiz, qadrli xotin-qizlar va navqiron yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlashni kengaytiramiz. Ekologiyani yaxshilash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha taʼsirchan choralarni davom ettiramiz. Bir soʻz bilan aytganda, yangi 2026-yilda ham barcha islohotlarimiz, saʼy-harakatlarimiz odamlarimiz yaxshi yashashi va biznes uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga qaratiladi, — dedi prezident.
Prezident so‘zining yakunida Yangi yil arafasida har bir oila yaxshilikka ishonishi, har bir inson qalbida ezgu orzu-umidlar uyg‘onishini ta’kidladi.
Har birimizning pok niyatlarimiz, ezgu maqsadlarimiz 2026-yilda albatta amalga oshsin! Yangi yil har bir oilaga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qut-baraka, yurtimizga yuksak taraqqiyot, tinchlik-xotirjamlik olib kelsin! Yaratgan Parvardigor Vatanimizni asrasin, xalqimiz hayotini yanada yaxshilash yoʻlidagi ishlarimizda madadkor boʻlsin! Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin, azizlarim! — dedi davlat rahbari.


















