O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni Qurbon hayiti bilan tabrikladi

Prezident xalqqa tinchlik-osoyishtalik, sihat-salomatlik va farovonlik tiladi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni Qurbon hayiti bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni ulug‘ va mo‘tabar ayyom — Qurbon hayiti bilan tabrikladi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari barcha musulmonlarga, butun O‘zbekiston xalqiga murojaat qilib, o‘zining chuqur hurmati va ezgu tilaklarini izhor etdi.

“Jamiki islom ummati uchun qadrli bo‘lgan ushbu shukuhli bayram – Iyd al-Adhoni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun, avvalo, mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Hech shubhasiz, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy, xalqchil davlat barpo etish, uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash va ta’sirchanligini oshirishda muqaddas islom dini, uning asosiy bayramlaridan biri bo‘lgan Qurbon hayiti ham muhim rol o‘ynamoqda”, — dedi prezident.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev ushbu bayramning insonparvarlik, hamjihatlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi qadriyatlari mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu tamoyil asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga hamohang bo‘lib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi dasturlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Davlat rahbari mamlakatimizda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlash, vijdon erkinligini ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy merosni asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, prezident Islom dinining insonparvarlik tamoyillarini, madaniyati va tarixini, buyuk mutafakkirlarning boy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Xususan, Samarqand shahri 2025-yilda islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilingani, buyuk vatandoshimiz Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanayotgani, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari qatoriga yaqinda joriy yilda Buxoro shahrida ish boshlaydigan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi ham qo‘shiladi.

Shuningdek, ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha — Toshkent shahrida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatda va xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otayotgani ta’kidlandi. Mamlakat yetakchisi o‘zbek xalqining ko‘p ming yillik qadimiy tarixi, boy va betakror milliy madaniyatining ushbu ramzi ochilishi Yangi O‘zbekiston hayotida muhim voqea bo‘lishiga ishonch bildirdi.

“Shu saodatli kunlarda 15 ming nafar vatandoshimiz muqaddas haj ziyoratini ado etmoqda. Ezgu duo va niyatlar ijobat bo‘ladigan mana shunday munavvar lahzalarda ularni ham Qurbon hayiti bilan samimiy qutlab, Yaratgandan yurtimizga sog‘-omon qaytib kelishlarini so‘raymiz.

Umid qilamizki, muhtaram hojilarimiz jamiyatimizda birdamlik, oila va mahallalarimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarimiz tarbiyasini kuchaytirish, ularni ilm-ma’rifatga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, Vatan himoyachisi bo‘lishga targ‘ib etish, muhtoj insonlarga ko‘mak berishda alohida ibrat va namuna ko‘rsatadi”, — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, prezident xorijdagi vatandoshlarni, uzoq va yaqin xorijdagi barcha musulmon ummatini bayram bilan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, tinchlikdagi xalqlari va mamlakatlariga farovonlik va ravnaq tiladi.

“Hozirgi kunda dunyo naqadar murakkab va tahlikali bo‘lib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Bunday keskin sharoitda yurtimizda tinchlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini saqlab, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib ko‘zlagan yuksak maqsadlarimizga yeta olamiz.

Albatta, o‘z tarixida ne-ne sinov va mashaqqatlardan munosib o‘tgan mard va olijanob xalqimiz bunga har tomonlama qodir”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev bu yo‘lda xalqimizga xos mehr-oqibat va hamjihatlik kuch-qudrat manbai bo‘lishiga ishonch bildirib, barchani muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor tabrikladi, oilalarga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik va fayzu baraka tiladi.

Avvalroq Toshkentda Qurbon hayiti kuni masjidlar atrofida avtomobillar harakati taqiqlanishi haqida xabar berilgandi. IIBB cheklovlar fuqarolarga qulaylik va xavfsizlikni ta’minlashga yordam berishini ma’lum qilgan.

Izohlar

Mavzuga oid