Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni Mustaqillik kuni bilan tabriklad
Prezident dunyoda turli xavf-xatarlar ko‘pligini, ularni bir tan-u bir jon bo‘lib yengish mumkinligini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni O‘zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini, vatandoshlarimizni mustaqillikning 34 yilligi bilan tabrikladi.
“Yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida boshlagan ulkan islohotlarimiz tufayli mustaqillik bergan huquq va erkinliklarni har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida chuqur his qilib, bu imkoniyatlardan keng foydalanmoqda”, — deyiladi xabarda.
Prezident yoshlarga murojaat qildi
Aziz farzandlarim, doimo yodda tuting: baxt – intilganniki, g‘alaba – kurashganniki! Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi.
Hamisha oldinga qarab intiling, bahodir o‘g‘lonlarim, oqila qizlarim! Sizlarning ezgu ishlaringizda Vatan, xalq, prezident barchangizga hamisha ishonchli tayanch va suyanch bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari dunyoda keskin geosiyosiy vaziyat saqlanib qolayotganini, O‘zbekiston bundan buyon ham mamlakatimizda mustaqillik, tinchlik, millatlar va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev mamlakatning tashqi siyosiy pozitsiyasini yana bir bor ta’kidladi:
- Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish;
- MDH, SHHT mamlakatlari bilan an’anaviy, ko‘p qirrali va strategik sheriklik aloqalarini kengaytirish;
- savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish, AQSH, Yevropa mamlakatlari va boshqa rivojlangan davlatlar bilan ko‘p qirrali sheriklik va amaliy aloqalarni mustahkamlash;
- Janubiy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq, Afrika mamlakatlari bilan hamkorlik qilish uchun transport-logistika yo‘laklarini yaratishga e’tibor qaratish;
- Afg‘oniston hukumati bilan konstruktiv va amaliy hamkorlik;
- nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish.
Prezident O‘zbekiston Falastinning BMT rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etish huquqiga sodiqligini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida hamda forum doirasidagi qator uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etadi.
Oldimizda qanday sinov va mashaqqatlar paydo bo‘lmasin, biz demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, milliy birlik va hamjihatlikni mustahkamlash, xalqimizni rozi qilish yo‘lidan aslo ortga qaytmaymiz. Boshlagan buyuk ishlarimizni albatta oxiriga yetkazamiz. Hech qachon unutmaylik: biz barchamiz bitta xalq, bitta mamlakat, bitta oilamiz!
Hammamizning taqdirimiz, kelajagimiz, baxtimiz va yutug‘imiz ham yagona va mushtarak. Har bir vatandoshimning yutug‘i — bu mening yutug‘im, tashvishi — mening tashvishim, degan fikr bilan yashasak, yutug‘imiz ko‘payib, tashvishimiz albatta kamayib boradi, — dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari dunyoda turli xavf-xatarlar ko‘pligini, ularni bir tan-u bir jon bo‘lib yengish mumkinligini eslatdi.
Barchangizni Mustaqillik kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, yuragimdagi eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Olloh taolo aziz yurtimizni o‘z panohida asrasin! Har bir inson, har bir oilaga tinchlik va xotirjamlik, qut-baraka, baxt-saodat hamisha yor bo‘lsin! — deya xulosa qildi prezident.
Prezident nutqidan so‘ng O‘zbekiston madhiyasi yangradi va mamlakat Harbiy-havo kuchlarining elita uchuvchilar guruhi Su-25 hujumchi samolyotlarida yorqin havo shousi uyushtirdi.
Shundan so‘ng bayram salyuti uyushtirildi.
Izohlar