O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi

Prezident oilalarga sihat-salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi.

Mamlakat yetakchisi bayramda barcha huquq va erkinliklar, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, ahillik va hamjihatlik, demokratik islohotlar ortga qaytmasligining kafolati bo‘lgan asosiy qonunning o‘rni va ahamiyati ayniqsa chuqur his etilayotganini ta’kidladi.

Hech shubhasiz, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkuri hamda yuksak xohish-irodasining ifodasi bo‘lgan Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan qoida va tamoyillar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamiz uchun beqiyos kuch-g‘ayrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xususan, “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy tamoyilning amaliy tasdig‘ini, avvalo, yanada keng vakolat va mas’uliyatlarga ega bo‘lgan milliy parlamentimiz, ilk bor mahalliy Kengashlar deputatlari orasidan saylangan raislar boshchilik qiladigan viloyat Kengashlari, jamiyat boshqaruvida o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotgan mahalla instituti misolida ko‘rish mumkin.

Prezident keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga har qachongidan ham muhim ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi. Joriy yilda “Konstitutsiya — inson qadri, erkinligi, tengligi va adolatining garovi!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan bayram tadbirlarida bu yo‘lda erishilgan yutuqlar atroflicha tahlil qilinib, yangi va dolzarb vazifalar belgilab berilmoqda.

Islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi kunda biz Konstitutsiyamizning har bir normasini davlat va jamiyat hayotida amaliy faoliyat mezoniga aylantirishimiz zarur. Ayniqsa, yoshlarimizga Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgatish, ularni konstitutsiyaviy qadriyatlar asosida yuksak ongli va vatanparvar fuqarolar, siyosiy tafakkur va huquqiy madaniyat egalari etib tarbiyalash oldimizda turgan g‘oyat muhim vazifadir, — dedi prezident.

Davlat rahbari Konstitutsiya va qonunlarni e’zozlash, mustahkam huquqiy bilim va amaliy tajribaga ega bo‘lish, shundagina davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etish, Vatan va xalq oldidagi farzandlik burchini sharaf bilan ado etishga chaqirdi.

Faqat Konstitutsiya va qonunlarimizga chuqur hurmat, puxta huquqiy bilim va amaliy tajriba asosidagina biz davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etib, Vatan va xalq oldidagi farzandlik burchimizni sharaf bilan ado eta olamiz. Shundagina Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi, bunyodkorlik salohiyati amalda yanada yorqin namoyon bo‘ladi.

Barchamiz uchun milliy mustaqilligimiz, g‘urur va iftixorimiz timsoli bo‘lgan Konstitutsiyamiz sharaflanadigan ushbu quvonchli ayyom munosabati bilan sizlarni yana bir bor chin dildan tabriklayman. Siz, aziz yurtdoshlarimga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-totuvlik va farovonlik tilayman, — deya nutqini yakunladi prezident.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan yuzlab fuqarolarni afv etgani haqida xabar berilgandi. Mas’ullarga jazoni o‘tash joylaridan qaytgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish vazifasi topshirildi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная