O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi

Prezident istirohat bog‘ida o‘rnatilgan “Xotira nuri” kompozisiyasini ham ko‘zdan kechirdi.

Shavkat Mirziyoyev “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi

Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, Ikkinchi jahon urushining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira marosimida ishtirok etdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Marosimda Qurolli Kuchlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, hurmatli oqsoqollar ham ishtirok etdi. Ishtirokchilar yodgorlik poyiga gullar qo‘yishdi.

Hujjatlarning dalolat berishicha, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholining qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.

Mamlakatimiz urush yillarida frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylangan, jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, kiyim va oziq-ovqatlar yetkazib turilgan. G‘oyat og‘ir sharoitga qaramay, xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani o‘z bag‘riga olib, mehr ko‘rsatgan.

— Bular chinakam mardlik va qahramonlik solnomasidir. Bunday murakkab va shonli g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan matonatli xalqimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi. Bu qahramonliklarni hech qachon unutmasligimiz, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak. Ayniqsa, hozirgi tahlikali zamonda buning ahamiyati nihoyatda katta. Hammamiz vatan himoyasiga har kuni tayyor bo‘lishimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz istirohat bog‘ida o‘rnatilgan, frontda jang qilgan va orqada mehnat qilgan o‘zbekistonliklarning qahramonligiga bag‘ishlangan “Xotira nuri” kompozitsiyasini ham ko‘zdan kechirdi. Yodgorlik avlodlar davomiyligi ramzi bo‘lgan ikki uchuvchi qushni ifodalaydi va tarixiy meros va zamonaviy san’atni birlashtiradi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 9-may kuni o‘tkaziladigan parad uchun Moskvaga uchishi xabar qilingandi. Prezident G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan yubiley tadbirlarida ishtirok etadi.

Izohlar

Mavzuga oid