Shavkat Mirziyoyev Lev Tolstoy nomidagi ikkinchi xalqaro tinchlik mukofoti sovrindori bo‘ldi
Mukofotni Markaziy Osiyodagi tinchlik va xavfsizlik uchun Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari ham oldi.

Shavkat Mirziyoyev Lev Tolstoy nomidagi ikkinchi xalqaro tinchlik mukofoti sovrindori bo‘ldi, deb yozadi TASS.
Mukofot Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlariga ham topshirildi. So‘nggi ikki yil ichida mamlakatlar Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin hal qilinmagan barcha bahsli chegara masalalarini hal qila oldi.
Mintaqa yetakchilarining siyosiy irodasi tufayli davlatlararo chegaralar va suv resurslari masalalari bo‘yicha tarixiy kelishuvlarga erishildi, — dedi O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik mukofoti davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyoda ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasining e’tirofidir.
Ushbu yuqori baho O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan tinchlik, barqarorlik va insonparvarlik qadriyatlarini mustahkamlashga qaratilgan siyosatning ahamiyatini ta’kidlaydi, — dedi Asadov.
Eslatib o‘tamiz, 6-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev “Rossiya tinchlik jamg‘armasi” tomonidan Lev Tolstoy nomidagi xalqaro tinchlik mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatilgandi. Prezidentni xalqaro huquq ustuvorligi asosida umumiy va teng xavfsizlikni ta’minlashga, shuningdek, ko‘p qutbli dunyo barpo etishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun mukofotlash rejalashtirilgan edi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Turkmaniston tomoni O‘zbekiston rahbarining BMT Konferensiyasi doirasidagi xizmatlarini qayd etdi. Davlat rahbari Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va turkman xalqiga minnatdorlik bildirdi.
Izohlar