O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan yuzlab fuqarolarni afv etdi

Mas’ullarga jazoni o‘tash joylaridan qaytgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish vazifasi topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 615 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 220 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 123 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 97 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 175 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 9 nafarini chet davlat fuqarolari, 29 nafarini ayollar, 23 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 264 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar (shundan 2 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 9 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnatga jalb etish, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Avvalroq O‘zbekistonda sinov muddati muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan ishlash uchun rag‘batlantirish boshlanishi haqida xabar berilgandi. Mukofotni nafaqat davlat organlari, balki ayrim fuqarolar ham oladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная