O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Fransiya elchisini mukofotladi

Diplomat mamlakat yetakchisiga chuqur minnatdorlik bildirib, ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni o‘z diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Fransiya elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi va uni ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbari Fransiya elchisining samarali faoliyati va ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etgan. Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflar O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uning kun tartibini aniq mazmun bilan boyitish imkonini bergani ta’kidlandi.

Shuningdek, mamlakat yetakchisi tomonlar turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalarni yo‘lga qo‘ygani, savdo-iqtisodiy sohada sezilarli yutuqlarga erishilganini ta’kidladi. Xususan, keyingi yillarda tovar ayirboshlash 4 barobar ko‘paydi, Fransiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tomonlar ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida muhim dasturlarni amalga oshirayotgani ta’kidlandi. Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida ko‘rgazmalar katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Parij chekkasida Beruniy haykali ochildi. Fransiya poytaxtidagi ko‘chaga Samarqand nomi berilgan. 2025-yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston-Fransiya universiteti o‘z ishini boshlaydi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Oreliya Bushezga O‘zbekiston-Fransiya do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirdi. Elchi mamlakatimiz rahbariga uning diplomatik missiyasi yuksak baholangani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun samimiy tashakkur izhor etdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная