Shavkat Mirziyoyev AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi rahbarini qabul qildi — asosiylar
Prezident DFC`ning davlat-xususiy sheriklik asosidagi infratuzilma loyihalarini amalga oshirishdagi ishtiroki muhimligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida 6-noyabr kuni AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh direktori Ben Blekni qabul qildi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Ma’lumotga ko‘ra, DFC — AQSHning milliy rivojlanish instituti bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun xususiy kapitalni safarbar qilish bilan shug‘ullanadi.
Uchrashuvda oliy darajadagi faol muloqotlar va savdo-investitsiyaviy hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Energetika, muhim minerallar, moliya, transport, qishloq xo‘jaligi va AT sohalarida yirik qo‘shma tashabbuslar ishlab chiqilmoqda.
Amaliy sheriklikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma investitsiya platformasini yaratishni jadallashtirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Toshkent shahrida korporatsiyaning mintaqaviy ofisini ochish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari korporatsiyaning infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik asosida ishtirok etishi muhimligini ta’kidladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev AQSH Eksimbanki rahbari Jon Yovanovich bilan muzokara o‘tkazgandi. O‘zbekiston Investitsiyalar vazirligi va AQSH Eksport banki o‘rtasida loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Izohlar