Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qatarda bo‘ladi
Prezident ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi jahon sammitida ishtirok etadi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan 3-4 noyabr kunlari ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitida ishtirok etish maqsadida ushbu mamlakatga amaliy tashrif bilan boradi.
Tadbir davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi mavjud tafovutlarni bartaraf etish, Ijtimoiy rivojlanish to‘g‘risidagi Kopengagen deklaratsiyasining maqsad va tamoyillariga sodiqlik, shuningdek, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, milliy strategiyalar va jamiyatlarning barqarorligi, ijtimoiy adolat va inklyuzivligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Butunjahon sammiti davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspert va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot uchun muhim platformaga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Forumning asosiy maqsadi qashshoqlikni bartaraf etish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni faollashtirish, to‘liq va samarali bandlikka ko‘maklashish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash va zamonaviy tahdidlar sharoitida ijtimoiy integratsiyani kengaytirishdan iborat. Sammit yakunida xalqaro sheriklikni mustahkamlash maqsadida Doha deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri bilan qo‘ng‘iroqlashib, Isroilning Dohaga bergan zarbasini qoralagandi. Prezident O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday shakliga va Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishiga olib keladigan qadamlarga qarshi ekanini eslatdi.
Izohlar