O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev 2025–2028-yillarda suv resurslarini boshqarish dasturini tasdiqladi

Hukumat 11 ta tarmoq dasturini yagona platformaga birlashtirishni, “O‘zbekkosmos” imkoniyatlaridan keng foydalangan holda IT-markaz va situatsion markaz tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha taqdim etilgan takliflar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Taqdimotda mutasaddilar 2020-2024 yillarda irrigatsiya sharoitlarini yaxshilash uchun 60 trillion so‘m byudjet va 622 million dollar xorijiy investitsiyalar yo‘naltirilganini ma’lum qildi. Ta’kidlanganidek, suv tejovchi texnologiyalar qo‘llaniladigan maydonlar soni 2020-yilga nisbatan 50 foizga oshgan.

Bu boradagi ishlarni davom ettirish maqsadida mutaxassislar tomonidan 2025-2028-yillarda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Qayd etilishicha, unda suv resurslaridan oqilona foydalanishga ustuvor ahamiyat berilgan. Xususan, hokimiyat 2 551 kilometr sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, nasos stansiyalarining eskirgan uskunalarini energiya tejamkorlariga almashtirish ularning yillik elektr energiyasi iste’molini 6,8 milliard kilovatt soatdan 6,2 milliard kilovatt soatgacha kamaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, suv ta’minoti past bo‘lgan maydonlarni 424 ming gektardan 276 ming gektargacha qisqartirish, sho‘rlanish darajasi yuqori va sizot suvlari yaqin bo‘lgan yerlarning holatini yaxshilash chora-tadbirlari ko‘zda tutilgan. Bu 460 ming gektar yerni qishloq xo‘jaligi oborotiga qaytarishga yordam berishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, 1,4 mln gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishi, shundan 293 ming gektarda tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilishi, yana 20 ta yirik obyektda nazorat-o‘lchov uskunalari modernizatsiya qilinishi rejalashtirilgan.

12 mingta meliorativ quduq va 1 750 ta nasosda suv hisobini yuritishda inson omilini minimallashtirish uchun hukumat zamonaviy monitoringni joriy etmoqchi, o‘n ikkita yirik gidrotexnika inshooti raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkaziladi. Buning hisobiga beton qoplamali kanallar ulushi hozirgi 39 tadan 47 foizga oshadi, sug‘orish tarmoqlarining sifati yaxshilanadi, suv yo‘qotilishi kamayadi.

Shuningdek, hukumat tejamkorlik hisobiga 2025-yilda 10 milliard kub metr, 2028-yilga kelib esa 14 milliard kub metrgacha suvni tejash mumkinligini hisob-kitob qilmoqda. Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, 2025-2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish dasturini tasdiqladi.

Taqdimotda mamlakat yetakchisiga sohaning samaradorligini oshirish va raqamlashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha ham axborot berildi. Hozirgi vaqtda hokimiyat viloyat, tuman va xo‘jaliklardagi 18 755 ta gidropostni avtomatlashtirishni boshladi, keyingi bosqich dalalardagi suv taqsimlash punktlarini jihozlash bo‘ladi.

Suv xo‘jaligini raqamlashtirish doirasida 11 ta tarmoq dasturini yagona platformaga integratsiya qilish, «O‘zbekkosmos» imkoniyatlaridan keng foydalangan holda IT markaz va situatsion markaz tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, mutasaddilarga 5 ming 200 ta nasosni elektr va suv hisoblagichlari bilan jihozlash, yirik nasoslarni qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Olingan ma’lumotlar raqamli platformada to‘planadi, u yerda suvdan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi tahlil qilinadi.

Qayd etilishicha, ayni paytda 2 ming 612 ta suv obyekti xususiy boshqaruvga berilgan. Endilikda yirik nasos qurilmalari ham xususiy sektorga taklif etilib, investorlar uchun jozibador sharoitlar yaratiladi. 2024-yilda tuman irrigatsiya bo‘limlari negizida hokimiyatlar tomonidan 159 ta davlat suv ta’minoti xizmati muassasalari tashkil etildi. Ularning faoliyatini yaxshilash uchun ularga o‘z mablag‘larini mustaqil taqsimlash huquqini berish rejalashtirilmoqda.

Xizmat sifati va sohaning samaradorligi ko‘p jihatdan mutaxassislar malakasiga bog‘liqligi bois, ishchi-xodimlar malakasini oshirish maqsadida 200 o‘rinli o‘quv markazi tashkil etish ham rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari sohadagi me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, jamiyatda suvni asrash madaniyatini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq, O‘zbekistonda suv millat mulkiga aylangani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, rasmiylar suvdan foydalanishni umumiy va maxsus, suv obyektlarini esa bir necha toifalarga ajratdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная