16 Dekabr 2024, 17:09 Oʻzbekiston

Shavkat Ayupov Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘ldi

Shavkat Abdullayevich Ayupov O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti etib saylandi.

Shavkat Ayupov Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘ldi

16-dekabr kuni fizika-matematika fanlari doktori, senator Shavkat Abdullayevich Ayupov O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti etib saylandi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Shavkat Ayupov 1952-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Toshkent davlat universiteti (O‘zMU)ning matematika fakultetini tugatgan. So‘ngra Toshkent davlat universitetida o‘qituvchi, 1977−1997-yillarda Fanlar akademiyasining Matematika institutida katta ilmiy xodim, algebra va analiz bo‘limi mudiri, so‘ngra direktori bo‘lib ishlagan.

Ayupov 1997—2003-yillarda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. 1980-yilda Amerika matematika jamiyati a’zosi, 1995-yilda akademiya haqiqiy a’zosi (akademik) etib saylangan.

U 1996-yilda “Shuhrat” medali, 2003-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2011-yilda “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni va 2021-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni hamda “Oltin yulduz” medali bilan taqdirlangan.

Bunga qadar Shavkat Ayupov Fanlar akademiyasining Matematika instituti direktori bo‘lib ishlagan.

Mashhur yangiliklar