18 Dekabr 2024, 15:56 Oʻzbekiston

Senatorlar davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Senat 2025-yilga mo‘ljallangan davlat byudjetini ma’qulladi.

Senatorlar davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Senatning ikkinchi yalpi majlisida “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, 2025 yilda iqtisodiy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda inflatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Xususan, qonunda o‘rta muddatda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik vazifasidan kelib chiqib, 2025 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 431 trln so‘m, xarajatlar esa 480,5 trln so‘m miqdorida shakllantirilgan.

Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln so‘mni, xarajatlari esa 344,8 trln so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 66,4 trln so‘m va 62,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.

Qonunda keyingi yilda ham xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilgani saqlab qolingan bo‘lib, davlat byudjeti xarajatlarining 52 foizi yoki 177,7 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi.

2025 yil uchun davlat byudjeti xarajatlarida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun 3,6 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Sog‘liqni saqlash sohasiga esa 41,3 trln so‘m yoki 2024 yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 19,8 foizga ko‘p mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Muhokama yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mashhur yangiliklar