Senat yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunni maʼqulladi
Ma’lum qilinishicha, qonun sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga va bu orqali elektr energetikasi tizimining samarali faoliyat yuritishiga turtki bergan.
Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, amaldagi qonun 2009-yilda qabul qilingan bo‘lib, unda elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori, jumladan, sohada raqobatni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari nazarda tutilmagan. Shu bilan birga, elektr taʼminotining ishonchli, xavfsiz, barqaror hamda kam xarajatli ishlashini taʼminlaydigan normalar aks ettirilmagan. Isteʼmolchilarning narxlar va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish kafolatlari belgilanmagan. Shu bois hujjat bugungi kun talablariga to‘liq javob bermaydi.
Yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun bilan isteʼmolchilarning narxlar, ishonchli elektr taʼminoti va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish, elektr energiyasi bozorini shakllantirish va rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Qonunda raqobat muhitini rivojlantirish, xususiy sarmoyalarni jalb qilish va joriy etishni rag‘batlantiruvchi elektr energetika tarmog‘ining samarali faoliyat yuritishi uchun tuzilma va umumiy qoidalar belgilanmoqda.
Xususan, qonunda insofli raqobat, tenglik va hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik, elektr energetikasi xavfsizligining ustuvorligi kabilar sohaning asosiy prinsiplari etib belgilanib, elektr energetikasi sohasining maqsadlariga oid yangi modda kiritilmoqda. Qonunda elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozor qoidalari ham aks ettirilmoqda. Bundan tashqari, qonunda elektr energiyasi bozorida treyderlar (jismoniy yoki yuridik shaxslar) faoliyatini tartibga solishga qaratilgan umumiy qoidalar, ularning huquqlari va majburiyatlariga oid norma kiritilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, qonun sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga va bu orqali elektr energetikasi tizimining samarali faoliyat yuritishiga turtki berdi. Elektr energetikasi korxonalarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklari belgilanishiga hamda elektr energiyasini qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Мавзуга оид хабарлар:
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida maxfiy axborotni himoya qilish to‘g‘risidagi bitim ma’qullandi O‘zbekistonda Tadbirkorlik kodeksi ma’qullandi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi Ijtimoiy himoya milliy agentligining vakolatlari kengaytiriladi Jizzaxda fermer xo‘jaliklari 745 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi