O‘zbekiston

Sayilgoh qurilishi kechikayotgani sababli Toshkent shahar hokimiga senator so‘rovi yuborildi

Hokimlikka o‘tkazilgan hududda xiyobon qurilishi kerak edi, biroq ishlar yakunlanmagan, quruvchilar esa yerga “ko‘z tikkan”.

Sayilgoh qurilishi kechikayotgani sababli Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga senator so‘rovi yuborildi, deya xabar qildi Senat matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish, qurilish va obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 martdagi 220-f-sonli farmoyishi qabul qilingan.

Farmoyishga muvofiq, Yunusobod tumani, Namangan ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan sobiq 1-son tergov hibsxonasining bino va inshootlari hamda unga tutash hudud hokimlik balansiga o‘tkazildi. Ushbu hududda barcha infratuzilmaga ega zamonaviy xiyobon barpo etish vazifasi qo‘yildi.

Biroq, oradan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, farmoyishda belgilangan vazifalar ijrosi haligacha to‘liq ta’minlanmagan. Bugungi kunda ushbu yer maydonlari qarovsiz qolib ketayotgani, ayrim qurilish korxonalari hududdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga urinayotgani fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda, — deyiladi xabarda.

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova Shavkat Umurzoqovga senator so‘rovi yubordi.

Senator hokimdan mazkur hududning bugungi holati, farmoyishda belgilangan vazifalar ijrosi kechikayotgani sabablari, shuningdek, tegishli yer maydonini obodonlashtirish va zamonaviy xiyobon barpo etish bo‘yicha ko‘rilgan amaliy choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘raydi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная