Savdo, fan, ta’lim: Shavkat Mirziyoyev Jorja Meloni bilan muzokara o‘tkazdi — asosiylar
Tomonlar O‘zbekistonda Italiya madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib oldi.

29-may kuni Samarqand shahrida Shavkat Mirziyoyev va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni o‘rtasida rasmiy delegatsiyalar ishtirokida yakkama-yakka muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari va bosh vazir faol siyosiy almashinuvlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Shuningdek, 2025-yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan samarali sammitni hisobga olgan holda Yevropa Ittifoqi institutlari bilan faol hamkorlik davom ettiriladi. Amaliy natijalarga e’tibor qaratgan holda Markaziy Osiyo—Italiya sammitini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Savdo sohasida biznesga texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirishga kelishib olindi. Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun o‘zbekistonlik eksportchilarni o‘qitish, Toshkentda qo‘shma Sertifikatlash markazini tashkil etish, Muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni tezlashtirish shular jumlasidan.
Shavkat Mirziyoyev Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan Texnologik sheriklik dasturini ishga tushirishni taklif qildi.
Xususiy tadbirkorlikning innovatsion loyihalari, o‘ta muhim minerallar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlar, elektrotexnika, energetika, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish sanoatida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charm, mebelsozlik va boshqa tarmoqlar uchun dizayn markazlarini tashkil etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Bunday loyihalar Yevropa operatori boshqaruvida Toshkent viloyatida tashkil etiladigan sanoat parkida joylashtirilishi mumkin.
Loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishga tushirish uchun qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish, shuningdek, Italiyaning “SACE” va “SIMEST” davlat agentliklarini jalb qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Kompleks “yo‘l xaritasi” asosida qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Uzum, zaytun, za’faron, sarsabil yetishtirish, agrolaboratoriyalar tashkil etish, biotexnologiyalarni rivojlantirish va agrosug‘urtani joriy qilish bo‘yicha kooperatsiya istiqbollari qayd etildi.
Yangi loyihalarni ilgari surish maqsadida Hukumatlararo guruh ishini qayta tiklash va uning yig‘ilishini biznes forumi bilan birga o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘zbekiston va Italiya hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish doirasida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana tashrifi va birinchi Hududlar forumi doirasida amaliy natijalarga erishish muhim ekani ta’kidlandi.
Ta’lim sohasida mamlakatimizda Tushiya universiteti filialini, Piza, Trento, Roma Tre va Ka-Foskari universitetlari bilan ikki tomonlama diplom dasturlarini ishga tushirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekistonda Italiya madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi. Tashrif doirasida mehnat migratsiyasi sohada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bitim imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Avvalroq O‘zbekiston Italiya bilan talabalar va professorlar almashishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Italiya oliy o‘quv yurtlari pedagoglar tayyorlaydi va ilmiy-tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Izohlar