O‘zbekiston

Savdo, aviaqatnovlar, mehnat migratsiyasi: Mirziyoyev Radev bilan muzokaralar o‘tkazdi — asosiylar

Rumen Radev Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Bolgariyaga borishga taklif etdi.

Savdo, aviaqatnovlar, mehnat migratsiyasi: Mirziyoyev Radev bilan muzokaralar o‘tkazdi — asosiylar

Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni Bolgariya prezidenti Rumen Radev bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbarlari hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdi, parlamentlar, iqtisodiy va tashqi siyosiy idoralar darajasidagi aloqalar faollashganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘smoqda, kooperatsiyaning yangi yo‘nalishlari va loyihalari ishlab chiqilmoqda. Gumanitar almashinuvlar amalga oshirilmoqda, Buxoro va Varna, Samarqand va Plovdiv o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgan.

Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashqi siyosat idoralari o‘rtasida tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

Savdoni, eng avvalo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, metall buyumlar va texnologik uskunalar yetkazib berishni kengaytirish orqali ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zaro savdoning o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida poytaxtlarda savdo uylari ochish, laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish va imtiyozli kredit liniyalari ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Agrosanoat majmui va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, geologiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va IT, turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Samarali yerusti va havo transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, tomonlar ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.

Mehnat resurslari sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Sofiya shahrida O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligining vakolatxonasini ochish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Gumanitar aloqalarni, shu jumladan akademik va ilmiy almashinuvlarni faollashtirish, joriy yilda Andijon shahrida yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchrashuvini o‘tkazish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekiston va Bolgariya madaniyati va kinosi haftaligini tashkil etishga kelishib olindi.

Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni ta’minlash maqsadida tomonlar qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish va Hukumatlararo komissiya hamraislari darajasini oshirish, uning ishiga hududlar va yirik kompaniyalar rahbarlarini jalb qilishga ahdlashildi.

Uchrashuv yakunida prezident Rumen Radev prezident Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Bolgariyaga borishga taklif etdi.

Eslatib o‘tamiz, 9-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso o‘rtasidagi muzokaralar natijasida mamlakatlar strategik sheriklarga aylangandi. Tomonlar, shuningdek, diplomatiyadan tortib qishloq xo‘jaligi sohasigacha bo‘lgan ikki tomonlama bitimlar bilan almashgan.

Izohlar

Mavzuga oid