Samarqanddagi qabristondan qadimiy daxma hamda qabrtosh topildi
Pastdarg‘om tumanidagi qabristondan 2 ta qadimiy daxma hamda 1 ta qabrtosh topildi.
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi qabristondan topilgan qadimiy 2 ta daxma hamda 1 ta qabrtosh o‘rganildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqarolar murojaatiga asosan, Qayrag‘och qishlog‘ida joylashgan “Ko‘ktosh” qabristoni hududidan topilgan qadimiy 2 ta daxma hamda 1 ta qabrtosh ishchi guruh tomonidan o‘rganildi.
“Ko‘ktosh” qabristoni hududidan topilgan qadimiy daxma hamda qabrtoshlar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Milliy ro‘yxatida qayd etilmagan.
O‘rganishlar davomida topilgan noyob toshlar o‘rta asrlarga oid ekanligi aniqlandi. Ushbu topilmalarni tarixiy ahamiyatini aniqlash maqsadida Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Pastdarg‘om tumani hokimligining 2024-yil 11-sentyabrdagi xatiga asosan, 2 ta qadimiy daxma hamda 1 ta qabrtoshni Milliy ro‘yxatga kiritish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, davlat muhofazasiga olish choralari ko‘rilmoqda.