
Samarqandda Yashil rivojlanish konsepsiyasi taqdim etildi
Oʻzbekiston UNICEF bilan strategik sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzoladi.

4–5-aprel kunlari Oʻzbekiston yana bir muhim xalqaro tadbir — Samarqand Iqlim Forumiga mezbonlik qildi, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi axborot xizmati.
Mazkur forum Markaziy Osiyo tarixidagi iqlim masalasiga bagʻishlangan ilk tarixiy voqelikka aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining uch nafar oʻrinbosari, BMTning ekologiya yoʻnalishidagi tashkilotlari, konvensiyalari rahbarlari, bir qancha davlatlar, xalqaro tashkilotlar va agentliklarning (UNCCD, FAO, UNIDO, UNECE, ICBA va hokazo) 30 dan ortiq ekologiya sohasiga masʼul vazirlari, yetakchilari hamda boshqa koʻplab xorijlik mutaxassislarning ishtiroki Forumning nufuzini yanada oshirdi.
Forumda Yashil rivojlanish konsepsiyasi taqdimoti boʻlib oʻtdi va ushbu konsepsiyani Braziliyada boʻlib oʻtadigan COP30 doirasida tasdiqlash uchun tegishli choralar koʻrishga kelishildi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston 2023-yilda COP28 da rasman ishga tushirilgan sanoat dekarbonizatsiyasi va global darajada jamoaviy harakatni kuchaytirish boʻyicha tajriba almashish uchun platforma boʻlib xizmat qiluvchi, yuqori iqlim ambitsiyalariga ega 43 mamlakatning ixtiyoriy koalitsiyasi hisoblangan “Climate Club”ga aʼzo boʻldi.
Maʼlumot uchun, “Climate Club” faoliyati uchta asosiy yoʻnalishni qamrab oladi: tashlamalarni kamaytirish boʻyicha shaffof siyosatni amalga oshirish, sanoatni oʻzgartirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash. Tashkilotning asosiy maqsadi Parij kelishuvini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash va global sof “nol chiqindi”ga erishish uchun iqlim boʻyicha harakatlarni tezlashtirishdir.
Shuningdek, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan “Atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlimga qarshi kurash va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida”gi Anglashuv Memorandumi imzolandi. Mazkur Memorandum Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlimga qarshi kurashish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va ularni boshqarish sohasida aniq harakatlar va tadbirlarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga xizmat qiladi. Maqsad Oʻzbekistonning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan barqaror, iqlim sharoitiga chidamli va emissiyasi kam boʻlgan rivojlanishiga hissa qoʻshish va turli xalqaro konvensiyalar, shartnomalar shartlarini bajarishda qoʻllab-quvvatlashdir.
Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Qirgʻiz Respublikasi Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vazirligi oʻrtasida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetida (“Green University”) kadrlar tayyorlash uchun kvota ajratish toʻgʻrisida Memorandum imzolandi. Unga koʻra, Qirgʻiz Respublikasi talabalariga 9 tagacha kvota oʻrinlari ajratiladi (bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun 5 tagacha, magistratura taʼlim yoʻnalishlari uchun 4 tagacha). Memorandumdan maqsad mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish, atrof-muhitni oʻrganish va iqlim oʻzgarishi sohasida salohiyatli kadrlar sonini oshirishdan iborat.
Bundan tashqari, BMT Bolalar jamgʻarmasining (UNICEF) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi oʻrtasida strategik hamkorlik boʻyicha oʻzaro Anglashuv Memorandumiga imzo chekildi. Unga koʻra, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishiga moslashish va salbiy oqibatlari taʼsirini yumshatish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va bolalar uchun muhim xizmatlarning inklyuziv, barqaror va ekologik xavflarga tayyor boʻlishini taʼminlash yoʻli bilan bolalar va yoshlarning chidamliligini mustahkamlash sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlik rivojlantiriladi. Shuningdek, dolzarb ekologik masalalarda bolalarning ishtiroki kengaytiriladi va ularning salomatligini taʼminlash ustuvor vazifaga aylantiriladi.
Soʻnggi yangiliklar







