Samarqandda uch kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi qamaldi
Urgut tumanida uch kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan 21 yoshli haydovchiga sud hukmi o‘qildi.
Samarqand viloyati Urgut tumanida yo‘l-transport hodisasida 3 nafar inson o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi. Bu haqda Milliy telekanalining Millar dasturida xabar berildi.
YTH joriy yilning 29-iyul kuni sodir bo‘lgandi. 2003-yilda tug‘ilgan Cobalt haydovchisi yuqori tezlikda (videoda ko‘rish mumkin) rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Damas bilan to‘qnashgan. Oqibatda Damas haydovchisi va yo‘lovchisi hodisa joyida, yana bir yo‘lovchi esa shifoxonada vafot etgan. Yana ikki nafar Damas yo‘lovchisi va Cobalt avtomobili haydovchisi jarohatlar bilan tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan ish jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudida ko‘rib chiqildi.
Ikkita nabiram bor — o‘g‘li 2-sinfda o‘qiyapti, qizi 4 yoshga kiradi. Muzlatkichga choy qo‘yib qo‘yadi, dadam kelsa, shuni beraman deb. Biz shu bolalarni ko‘rib ezilib ketamiz. Cobalt haydovchisiga qanday modda qo‘ygan, tushunmayapman, 80 km tezlik bilan shunday voqea bo‘ladimi? dedi marhum Damas haydovchisining otasi.
21 yoshli sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Sud hukmiga ko‘ra, yigit 3 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilib, unga nisbatan 9 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.