18 Noyabr 2024, 15:30 Oʻzbekiston

Samarqandda sud raisining haydovchisi pora bilan ushlandi

Samarqandda tuman sudi raislaridan birining haydovchisi 300 dollar pora bilan qo‘lga olindi.

Samarqandda sud raisining haydovchisi pora bilan ushlandi

Samarqand viloyatidagi tuman sudi raislaridan birining haydovchisi 300 dollar pora bilan ushlanib, sud hukmiga ko‘ra 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Maʼlum bo‘lishicha, sud raisining haydovchisi fuqaro G.K.ning ishonchiga kirib, Samarqand tuman sudining 2023-yil 13-sentyabrdagi qarori bilan 1 yil 6 oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan fuqaroning o‘talmay qolgan jazo muddatini sud hamda viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi organlarida ishlovchi tanishlari orqali hal qilib, haydovchilik guvohnomasini olib berishini va’da qilgan.

U 2024-yilning 18-iyul kuni kelishilgan 300 dollarni o‘zi boshqarib yurgan xizmat avtomobilida olgan vaqtida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Hukmga ko‘ra, sobiq haydovchi uzil-kesil 1 yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi, sud, prokuratura va davlat ishtirokidagi barcha korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jazo manzil koloniyalarda o‘taladi.

Mashhur yangiliklar