31 Iyul 2024, 11:35 Oʻzbekiston

Samarqandda singlisiga sevishini aytgan bolani “samosud” qilgan fuqaro qamaldi

Pastdarg‘om tumanidagi maktabning 6-sinfda o‘qiydigan singlisiga sevishini aytgan 15 yoshli bolani ayovsiz kaltaklagan erkak 1,5 yilga qamaldi.

Samarqandda singlisiga sevishini aytgan bolani “samosud” qilgan fuqaro qamaldi

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida 6-sinfda o‘qiydigan singlisiga sevishini aytgan 9-sinf bolani “samosud” qilgan erkakka chora ko‘rildi. Bu haqda bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 20-maktabning 9-sinfida ta’lim oladigan 15 yoshli B.S. shu maktabning 6-sinfida o‘quvchi qiz Q.A.ga sevishini aytgan. So‘ng qizning akasi A.Q. holatdan xabar topib, 15-may kuni bolani uyining ichki tomoniga olib kirib, jarohat yetkazgan aniqlangan. A.Q. uning ta’zirini berish maqsadida B.S.ning sochi va qoshini qaychi bilan qirqib, uyidan chiqarib yuborgan

Dastlab holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Oradan bir kun o‘tib, ish 105-moddaning 2-qismi “g”, “m” (O‘ta shafqatsizlik bilan qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bandiga qayta malakalangan.

Bolalar ombudsmanining yozishicha, 29-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tumani sudida A.Q. aybdor deb topildi va unga 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mashhur yangiliklar