4 Sentabr 2024, 18:23 Oʻzbekiston

Samarqandda ko‘p qavatli uyning tepasida basseyn qurib olgan fuqaro jarimaga tortildi

Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uyning pentxaus qismida o‘zboshimchalik bilan basseyn qurib olgan fuqaro jarimaga tortildi.

Samarqandda ko‘p qavatli uyning tepasida basseyn qurib olgan fuqaro jarimaga tortildi

Samarqandda fuqaro ko‘p qavatli uyning pentxaus qismida basseyn qurib olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, aholi murojaatiga asosan Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Jarayonda Samarqand shahri So‘g‘diyona mahallasidagi 67-A sonli ko‘p qavatli uyning 10-qavat pentxaus qismida o‘zboshimchalik bilan basseyn qurilgani aniqlangan.

Ushbu qurilma ko‘p qavatli uyning loyihasida nazarda tutilmagan bo‘lib, seysmik hodisa vaqtida binoning tebranishini kuchaytirib, uyning mustahkamligiga zarar yetkazishi mumkin.

Inspeksiya xodimlari tomonidan mulkdorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasiga (turar joylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarini, uy-joy fondidan texnik foydalanish qoidalari va normalarini, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish) asosan ma’muriy jarimalar qo‘llandi va noqonuniy qurilmani bartaraf etish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi, deyiladi vazirlik xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, berilgan vaqt ichida mulkdor holatni o‘z ixtiyori bilan bartaraf qilib, oldingi holatiga qaytarmasa, unga nisbatan tegishli tartibda bartaraf etish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga davo arizasi kiritiladi.

Mashhur yangiliklar