19 Oktabr 2024, 10:20 Oʻzbekiston

Samarqand viloyatida “valyutchik”lar ushlandi

Oqdaryo va Ishtixon tumanlarida valyuta qimmatliklarini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi.

Samarqand viloyatida “valyutchik”lar ushlandi

Samarqand viloyatining ikki tumanida valyuta qimmatliklarini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ishtixon tumani boʻlimi tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan fuqarolar B.U. va D.T. fuqaro Q.Y.ga jami 3,2 ming AQSh dollarini 41,7 mln soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, ulardan jami 4 637 AQSh dollari va 2 ming Rossiya rubli ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Oqdaryo tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida Mustaqillik MFY hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan fuqaro D.R. fuqaro M.M.dan jami 3,3 ming AQSh dollarini 41,9 mln soʻmga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar