Rossiyaning benzin eksportini taqiqlashi O‘zbekistonga ta’sir qilmaydi — Energetika vazirligi
Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasida xalqaro hukumatlararo shartnoma tuzilgan.

Energetika vazirligi Rossiyaning benzin eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq O‘zbekistonga ta’sir qilmasligini ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Vazirlikning ta’kidlashicha, benzin eksportiga dastlabki taqiq 2024-yilning mart oyidan avgust oyigacha amal qilgan. Keyinchalik u may oyida vaqtincha bekor qilindi. Shu bilan birga, xalqaro shartnomalar doirasida YOII mamlakatlari, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga yetkazib berish davom etdi.
“Qarorda qayd etilishicha, joriy etilgan vaqtinchalik taqiqlov xalqaro hukumatlararo shartnomalar doirasida tuzilgan bitimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hukumatlararo kelishuv mavjud, shuning uchun ushbu taqiq O‘zbekistonga importga ta’sir qilmaydi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Rossiya benzin eksportiga vaqtinchalik cheklovlar kiritgani xabar qilingandi. Qaror ichki yoqilg‘i bozorida mavsumiy talab yuqori bo‘lgan davrda barqarorlik uchun qabul qilingan.
Izohlar