20 Mart 2025, 18:22 Oʻzbekiston

Rossiyada toʻpponcha bilan raqsga tushgan oʻzbekistonlik ushlandi

Huquqbuzarga katta miqdordagi jarima yoki axloq tuzatish ishlari tayinlanishi mumkin.

Rossiyada toʻpponcha bilan raqsga tushgan oʻzbekistonlik ushlandi

Rossiyada shahar markazida toʻpponchaga oʻxshash narsa bilan raqsga tushgan 19 yoshli oʻzbekistonlik ushlandi, deb xabar bermoqda TASS.

Maʼlumotlarga koʻra, voqea 18-mart kuni Sankt-Peterburg markazidagi Ligovskiy prospektida joylashgan “Galereya” savdo majmuasi yonida yuz bergan. Yigit odamlar orasida raqsga tushib, raqs paytida toʻpponchaga oʻxshash narsani chiqargan, uni koʻrsatib, keyin yana yashirgan.

Huquqbuzarni Markaziy tuman jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari ushlab, shaxsini aniqlashgan. U Marat koʻchasida xolasi bilan yashovchi 19 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi ekani maʼlum boʻlgan. Yigit Sankt-Peterburgga 2025-yil fevral oyining oxirida kelgan va restoranda oshpaz boʻlib ishlashga ulgurgan, soʻngra mebelsozlik kasbini oʻrganishni boshlagan.

Huquq-tartibot idoralariga yigit qoʻlida oʻyinchoq toʻpponcha ushlaganini, keyin uni “qayergadir tashlab yuborganini” aytgan. Unga nisbatan Rossiya Federatsiyasining 213-moddasi (Bezorilik) boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilgan. Unga 300 mingdan 500 ming rublgacha jarima, 480 soatgacha majburiy mehnat, bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari, besh yilgacha majburiy mehnat yoki xuddi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Mashhur yangiliklar