7 Aprel 2025, 15:50 Oʻzbekiston

Rossiyada oʻzbekistonlik erkak qamalmaslik uchun urushga bordi

Erkak mushtlashib, hibsxonaga olib ketilgan, u yerda unga uzoq muddatli qamoq jazosi bilan tahdid qila boshlashgan.

Rossiyada oʻzbekistonlik erkak qamalmaslik uchun urushga bordi

Namangan viloyatida qamoqqa tushmaslik uchun Rossiya uchun urushga borgan oʻzbekistonlik sudlandi, deyiladi sud qarorida.

Ish materiallariga koʻra, sudlanuvchi 2023-yil 24-may kuni Rossiyaning Primore oʻlkasiga joʻnab ketgan va u yerda fermer xoʻjaligiga ishga kirgan. 2024-yil yanvar oyi oxirida u qahvaxonalardan birida ichimlik ichib, Armaniston fuqarosi bilan mushtlashgan.

Oʻzbekistonlik vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan, u yerda unga sodir etgan jinoyati uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi yoki 6 yilga armiyaga borib, Ukraina hududidagi jangovar harakatlarda ishtirok etishi mumkinligi aytilgan.

Shuningdek, unga Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini soddalashtirilgan tarzda olish, jarohat olgan taqdirda pul toʻlovlari va boshqa imtiyozlar vaʼda qilingan. Oʻzbekistonlik rad etgan, biroq keyinroq izolyatorda saqlanayotgan boshqa mahbuslarning bosimidan soʻng rozi boʻlgan.

Mart oyida u qasamyod qabul qildi va mergan etib tayinlandi. 2024-yil oktyabr oyida unga Rossiya Federatsiyasi fuqarosi pasporti berilgan. 2024-yil noyabr oyida u harbiy qismni tark etib, Rossiya pasportini koʻrsatmasdan Oʻzbekistonga qaytgan. Sudda fuqaro oʻz aybini qisman tan oldi.

Uning soʻzlariga koʻra, u jangovar harakatlarda qatnashmagan, frontning birinchi chizigʻida boʻlmagan, Ukraina bilan chegarani kesib oʻtmagan. Unga oʻq otishni oʻrgatishdi va u harbiy tayyorgarlikdan oʻtdi. Bir oydan koʻproq vaqt davomida u askarlarga ovqat tayyorlashda yordam berdi, keyinchalik uni oshpaz etib tayinlashdi. Granatomyotdan oʻq uzishga uni qoʻyishmadi.

U Mariupoldagi qismda xizmat qilgan, keyinchalik xizmat joyidan qochib, oʻz ixtiyori bilan Rossiyani tark etgan. U bunga majburlikdan borganini taʼkidlab, jazoni yengillashtirishni soʻradi. Sud erkakni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) boʻyicha jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Mashhur yangiliklar