Rossiya harbiylari qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga yetib keldi — video
Qo‘shinlar maxsus harbiy operatsiyalarni hamkorlikda o‘tkazishni mashq qiladi.

14-iyul kuni Rossiya harbiylarining bir guruhi “Termiz” poligonidagi “Hamkorlik-2025” qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga yetib keldi, deb xabar bermoqda respublika Mudofaa vazirligi axborot xizmati.
10 kunlik mashg‘ulotlar 2030 yilgacha harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv doirasida bo‘lib o‘tadi, avvalroq kelishuvni mudofaa vazirlari Shuhrat Xolmuhamedov va Andrey Belousov imzolagandi.
Rossiya Qurolli kuchlari bo‘linmalari harbiy va maxsus texnikalar kolonnasi bilan Tojikiston va O‘zbekistonning tog‘li hududlari bo‘ylab 300 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi.
O‘quv mashg‘ulotlari ikki mamlakat harbiy xizmatchilarining bilim va tajribasini mustahkamlash, shuningdek, cho‘l sharoitida jangovar harakatlarni olib borish ko‘nikmalarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Mashg‘ulot g‘oyasi — davlatlararo harbiy hamkorlikni rivojlantirish va jangovar birodarlikni mustahkamlash, boshqaruv organlarining maxsus operatsiyalarni tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha ko‘nikmalarini takomillashtirish, shuningdek, zamonaviy urushda qo‘llaniladigan taktik usullarni qo‘llashni muvofiqlashtirish.
Mashg‘ulotlarga maxsus bo‘linmalarning 400 ga yaqin harbiy xizmatchisi jalb qilingan, Rossiya tomoni o‘z harbiy texnikasidan foydalanmoqda. Ikki mamlakat harbiy xizmatchilari jangovar vaziyatda bo‘linmalarni birgalikda boshqarish, davlat chegarasi daxlsizligini ta’minlash, shartli dushmanni yo‘q qilish kabi turli maxsus vazifalarni bajaradi.
Avvalroq O‘zbekiston harbiylari “Do‘stlik” qo‘shma mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun Hindistonga tashrif buyurgandi.
Izohlar