Rasmiylar Toshkentga o‘n milliard so‘mlik gullar ekadi
Mablag‘lar 2025-yilning I choragi uchun Davlat byudjetining oshirib bajarilgan daromadlar rejasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

Toshkent hokimligi shahar maydonlari va ko‘chalari uchun gul ko‘chatlarini sotib olish va ekish uchun 10 mlrd so‘m ajratadi, deyiladi poytaxt xalq deputatlari kengashi qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi tashkilotlarga mavsumiy gul ko‘chatlarini ekish xarajatlari uchun pul ajratish rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, hokimiyat ushbu mablag‘ni 2025-yilning I choragi uchun davlat budjeti daromadlari rejasining oshirib bajarilgan qismidan mahalliy budjetga yo‘naltiradi.
Hokimiyat turli obodonlashtirish boshqarmalariga 1,82 mlrd so‘m, poytaxt tumanlariga esa 8,18 mlrd so‘m ajratishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, 815 mln so‘m Markaziy maydonlarni obodonlashtirish boshqarmasiga, 748 mln so‘m Alohida ahamiyatga ega ko‘chalarni obodonlashtirish boshqarmasiga, 190 mln so‘m Hukumat obektlariga xizmat ko‘rsatish boshqarmasiga, 67 mln so‘m Aholiga xizmat ko‘rsatish boshqarmasiga ajratiladi.
Tumanlar kesimida mablag‘lar quyidagicha taqsimlanadi:
- Bektemir tumani — 565 mln so‘m;
- Mirobod tumani — 480 mln so‘m;
- Mirzo Ulug‘bek tumani — 1 mlrd 240 mln so‘m;
- Sergeli tumani — 295 mln so‘m;
- Olmazor tumani — 1 mlrd so‘m;
- Shayxontohur tumani — 980 mln so‘m;
- Yashnobod tumani — 775 mln so‘m;
- Chilonzor tumani — 1 mlrd 70 mln so‘m;
- Uchtepa tumani — 278 mln so‘m;
- Yunusobod tumani — 1 mlrd 150 mln so‘m;
- Yakkasaroy tumani — 267 mln so‘m;
- Yangihayot tumani — 80 mln so‘m.
Avvalroq “Yashil makon” doirasida daraxtlar faqat sug‘oriladigan yerlarga ekilishi haqida xabar berilgandi. Joriy mavsumda hukumat 125 million, bahorda yana 75 million tup daraxt va buta ekishni rejalashtirmoqda.
Izohlar