28 Avgust 2024, 14:33 Oʻzbekiston

Raqobat qo‘mitasi yana bir tijorat bankiga nisbatan jarima qo‘lladi

Raqobat qo‘mitasi reklamada to‘liq ma’lumot bermagani uchun “Ipak yo‘li” bankini jarimaga tortdi.

Raqobat qo‘mitasi yana bir tijorat bankiga nisbatan jarima qo‘lladi

Reklama qonunchiligi buzilish yuzasidan “Ipak yo‘li” aksiyadorlik innovatsiya tijorat bankiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llandi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, bank tomonidan e’lon qilingan “Universal” va “Milliy” nomli omonat turlari reklamasida “Universal” omonat turi bo‘yicha yillik foiz stavkasi 22 foiz, “Milliy” omonat turi bo‘yicha yillik foiz stavkasi 25 foiz ekanligi haqida axborotlar berilgan.

Bankning rasmiy veb-saytida “Universal” omonat turi bo‘yicha omonatga qo‘yilgan mablag‘lar bo‘yicha yilning dastlabki 6 oyi uchun depozit hisobraqamlari yopilishi muddatiga qarab yillik 14 foiz stavka va yilning keyingi 6 oyi uchun 18 foiz stavka bo‘yicha qayta hisoblab chiqilishi haqida ma’lumot ko‘rsatib o‘tilgan.

Ammo qo‘mita o‘rganishlar davomida yuqorida keltirib o‘tilgan reklama vositalarida “Universal” nomli omonat turi haqidagi boshqa muhim ma’lumotlar to‘liq berilmaganligi holatini aniqlagan.

Yuqoridagilarga ko‘ra qo‘mita maxsus komissiyasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 16- va 43-moddalari hamda “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 6-moddasi talablari buzilish alomatlari yuzasidan “Ipak yo‘li” bankiga nisbatan ish qo‘zg‘atgan.

Bankka belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi, shuningdek, qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi, deyiladi xabarda.

Mashhur yangiliklar