24 Dekabr 2024, 15:02 Oʻzbekiston

Raqobat qo‘mitasi Texnomart’ni jarimaga tortdi

Texnomart MChJ “eng zo‘r taklif” reklamasi uchun jarimaga tortildi.

Raqobat qo‘mitasi Texnomart’ni jarimaga tortdi

Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar natijasida reklama qonunchiligi buzilish holatlari aniqlangani sabab Texnomart MChJ jarimaga tortildi.

Qo‘mita matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Texnomart Telegram kanalida joylashtirilgan “Eng zo‘r taklif” mazmunidagi mobil telefonlar reklamalarida mahsulot narxi va to‘lov shartlari bo‘rttirib ko‘rsatilgani aniqlangan. Xususan, Vivo Y03 telefoni uchun 213 167 so‘m oylik to‘lov, Honor X7b telefoni uchun esa 274 167 so‘m etib ko‘rsatilgan.

Qo‘mita tomonidan boshqa savdo do‘konlaridagi ushbu markali mobil telefonlar narxlari solishtirilganda, Texnomart MChJ savdo do‘konlaridagi muddatli to‘lov narxlari nisbatan yuqoriligi aniqlangan. Bundan tashqari, reklamada “eng”, “eng yaxshi” kabi orttiruvchi nisbatlar ishlatilgan, lekin bu da’volarni tasdiqlaydigan aniq dalillar taqdim etilmagan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan Texnomart MChJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarning tegishli moddalari talablari buzilishi bilan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Mashhur yangiliklar