30 Iyul 2024, 16:30 Oʻzbekiston

Raqobat qo‘mitasi SSV tizimidagi ayrim tibbiyot muassasalariga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalarida 300 mln so‘mga yaqin kafolatlanmagan xizmatlar ko‘rsatilgani aniqlandi.

Raqobat qo‘mitasi SSV tizimidagi ayrim tibbiyot muassasalariga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizim tashkilotlariga kafolatlanmasdan ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.

Qo‘mita tomonidan iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish borasida respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan tibbiyot muassasalarida tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash va sinash vositalarining metrologik ko‘rikdan o‘tkazilgani holati tahlil qilingan.

Jumladan, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida o‘lchash va sinash vositalarining o‘z vaqtida metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmagani holatlari aniqlandi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmagan tibbiy sinash va o‘lchash vositalaridan foydalanib, jami 600 mingdan ortiq iste’molchilarga 300 million so‘mga yaqin kafolatlanmagan xizmatlar ko‘rsatilgani aniqlangan.

Bu bilan tibbiyot muassasalari “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 4, 12, 19, 20 va 27-moddalari talablariga zid ravishda ish tutgan deb topilib, yuqoridagi tibbiyot muassasalariga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Xabarda aytilishicha, qonunbuzarlik holatini bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi hamda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 8 nafar mas’ul mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralarini ko‘rish yuzasidan hujjatlar tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.

Mashhur yangiliklar